1

Behzod Muhammadkarimov: “Amir Temur roli sabab omad borligiga yana bir bor amin bo`lganman”

Madaniyat 11.04.2022, 10:05
Behzod Muhammadkarimov: “Amir Temur roli sabab omad borligiga yana bir bor amin bo`lganman”

1996 yili sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yillik yubileyi keng nishonlangan. O`sha yili “O`zbekkino” kinostudiyasida “Buyuk Amir Temur” filmi suratga olingan. Unda bosh rolni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Bekzod Muhammadkarimov gavdalantirgan va bu aktyorning muvaffaqiyatli ijrolaridan biri bo`lgan. 9 aprel – Amir Temur tug`ilgan kuni oldidan mazkur film va uning tarixi to`g`risida aktyor bilan suhbatlashishga qaror qildik.

                      “O`zimga qo`ygan katta baho menga ishonch bergan”

— Mustaqillikning ilk yillarida rejissyor Ali Hamroev Sohibqiron haqida italiyalik kinoijodkorlar bilan hamkorlikda film olishni rejalashtirib, jarayonlarni ham boshlab yuborgan edi. Amir Temurning yoshligini gavdalantirish orzusida fotosinovda ishtirok etgandim. Ammo nimadir bo`ldi-yu, jarayon to`xtab qoldi. Buning aniq sababi menga ham qorong`u.

Bir necha yil o`tib, ya`ni 1996 yili Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan buyuk siymo haqida ikki qismli film suratga olinadigan bo`ldi. Birinchi qismda yoshligi, ikkinchisida 34 yoshidan to umrining oxirigacha bo`lgan davr yoritilishi, filmga Baqo Sodiqov va Isamat Ergashevlar rejissyorlik qilishi ommaga ma`lum bo`ldi.

O`sha paytda 32 yoshda bo`lganim uchun Sohibqironning yoshligini o`ynash maqsadida ko`plab aktyorlar qatori fototanlovda qatnashdim va kinostudiyada Baqo Sodiqovni uchratib qoldim. Ular qo`limga ssenariyni tutqazib, “Shuni bir o`qib chiq, keyin yoqmagan joylari bo`yicha fikr va takliflaringni aytarsan”, dedi.

Dadam adabiyotshunos bo`lgani bois Amir Temur haqida ko`p gapirib berardi, Sohibqiron faoliyati va shaxsiyati yozilgan turli kitoblarni ham mutolaa qilganman. Eshitgan va o`qiganlarimdan kelib chiqib, ssenariy bo`yicha bir qancha takliflarimni aytdim. Aniqrog`i, Amir Temurning oddiy odam bo`lmaganligini ko`rsatib beradigan sahnalarni ko`paytirish va ularning qat`iyatli sarkarda sifatida ekranga olib chiqish lozimligini, ssenariyda dramaturgiya qoidalari puxta emasligini ta`kidladim. Lekin Baqo Sodiqovning yuz-ko`zidan ssenariyga nisbatan munosabatim yoqmaganligini payqadim.

Shundan keyin sinovdan o`ta olmaganligim, bosh rolga boshqa aktyor tasdiqlangani ma`lum bo`ldi. Bu esa menga ruhan qattiq ta`sir qilgan, ichimdan nimalar o`tganini faqat o`zim bilaman. Chunki o`shanda har tomonlama eng kuchga to`lgan paytim edi. Tajribam, bilimim etarli, ham ruhan, ham jismonan shu rolga tayyorman, deb o`ylardim. Qolaversa, ungacha kino va teatrda ham yaxshi rollarni o`ynab qo`ygandim. Qisqasi, o`zimga qo`ygan katta baho menga ishonch bergan, orzu qilgan rolimga erishish arafasidaman, deb cheksiz quvonganman.

                  “O`shanda arosatda qolganman”

— Rejissyorlar Amir Temur roliga boshqa bir hamkasbimni tasdiqlashgach, suratga olish ishlari boshlanganiga o`n kun ham bo`lmay, u aktyor nima sababdandir rolni oxirigacha o`ynamagan. Keyin bir sportchini shu rolga tasdiqlashgan. Lekin u ham negadir rolini o`ynamay, loyihadan ketib qolgan.

Oradan ma`lum vaqt o`tib, s`yomka maydonchasiga borishim kerakligini aytishdi. Ishonsangiz, o`sha paytda juda ham arosatda qolganman. Negaki, rolni o`ynay desam, ssenariy menga yoqmagan, puxta emas, suratga olish maydonchasiga bormay desam, ilk bor Amir Temur qiyofasini gavdalantirish baxtidan quruq qolaman. U paytda otam tengi rejissyor va prodyuserga gapimni o`tkaza oladigan darajadagi aktyor emas edim. Shu bois o`zimga yoqmagan ssenariy bo`yicha rol ijro etishga qaror qilganman.

Biroq, s`yomka boshlanganidan keyin baribir ayrim joylarda takliflarimni aytib, kichik bo`lsa-da, o`zgartirishlar kiritganman. Tasvirga olish jarayonida albatta, judayam hayajonlanganman va ozgina cho`chiganman. Chunki, bu obraz oddiy bir kasb egasining roli emasdi-da.

                      “Gonorarimdan “Jiguli” olganman”

— Poytaxtdan Xorazmga, ya`ni suratga olish jarayoniga aynan Sohibqiron tavallud topgan kuni yo`l olganman. Film s`yomkalari O`zbekistonning Xorazm viloyatida, Issiqko`lning bir qancha hududlarida bo`lib o`tgan. Ayrim sahnalar Nepalda suratga olingan.

Tasvirga tushirish ishlari 1996 yilning aprel oyida boshlangan bo`lsa, noyabrda premera qilingan. Plyonkada olingan, olomonli sahnalari va dekorasiyasi ko`p bo`lgan, uch soatli tarixiy film uchun bu vaqt juda kichik muddat hisoblanadi.

Rolim uchun qancha gonorar olganim aniq esimda yo`q. Ammo birinchi mashinamni, ya`ni VAZ-2106 “Jiguli”ni o`sha puldan xarid qilganman.

     “Bu fikrlarni tinglab, g`alati hissiyot paydo bo`lgan”

— Filmni suratga olish ishlari boshlanmasidan avval uchinchi farzandim tug`ilgan. O`shanda rahmatli otam “Bu yil Amir Temurning 660 yillik yubileyi keng nishonlanadi, u haqida film yaratiladi va unda sen bosh rolni o`ynaysan. Shu bois o`g`lingga Temur deb ism qo`yamiz”, degan. Ularning gapiga rozi bo`lgach, ikki oy o`tib, Sohibqiron rolini ijro etish nasib qilgan.

Film uchun o`tkazilgan fotosinovda ishtirok etish arafasida yurgan paytlarim teatrimizdagi ikki nafar taniqli aktrisa bir hafta ichida deyarli o`xshash tush ko`rganini aytgan. “Tushimda bir chavandoz oq otda cho`qqidan cho`qqiga sakrab yuribdi. U kim ekan, deb qarasam, siz ekansiz”, degan gapni ketma-ket eshitganman. Bu fikrlarni tinglab, menda g`alati hissiyot paydo bo`lgan.

Yuqorida Amir Temur rolini o`ynash uchun mendan avval bir aktyor va bir sportchi tasdiqlanib, ular bir haftadan suratga olish ishlarida qatnashganini aytdim. O`sha vaqtlarda har ikkisi ishtirokidagi sahnalarda bittadan kameralar buzilib qolgan ekan. U paytlarda Germaniyada ishlab chiqarilgan kameralar kam bo`lardi, operatorlar ko`z qorachig`idek asrab-avaylardi. Tasvirga olish maydoniga borgan ilk kunlarimda ijodiy jamoa men qatnashgan sahnalarda ham kamera buzilishidan xavotirlanib yurganini eshitganman. Ammo uch hafta o`tsa hamki, kamera ishdan chiqmayapti. Shundan keyin jamoadagilarning “Ishimiz endi yurishib ketdi”, deya kayfiyati o`zgargan.

Bu holatlarning barchasi fakt, ko`rganlarimni aytdim. Bular tasodifmi yoki qandaydir ilohiy holatmi, rosti bilmayman. Lekin Amir Temur roli sabab omad borligiga yana bir marta amin bo`lganman. Omad kelish bor, omadni ushlab qolish ham bor. Omadni ushlab qolish uchun esa odam har tomonlama tayyor bo`lishi kerak ekan.

                            “Ayrim ommaviy sahnalar tanqidga uchragan”

— Film katta ekranlarga chiqqach, suratga olish paytidagi ba`zi texnik masalalar tomoshabinlar va soha vakillarining tanqidiga uchragan. U kamchiliklarda aktyorlarni ham, rejissyorlarni ham aybi bo`lmagan. Chunki jang sahnalari bilan qirg`izistonlik boshqa bir rejissyor shug`ullangan.

Masalan, katta yuk mashinalarning ballonlarini doira shaklida qo`yib, atrofiga shox-shabbalar boylangan va yoqilgan. Mazkur holatda olovli sahnalar tepadan suratga olingan va shox-shabbalar orasidan ballonlar ko`rinib qolgan. Ushbu manzarani biz ham film namoyish etilganda ko`rib qolganmiz. Shu va boshqa ommaviy sahnalar bilan bog`liq ayrim kamchiliklar muhokamalarni keltirib chiqargan.

Bunday holatlar jahon kinosida ham uchrab turadi. Misol uchun, “Gladiator” filmining ayrim ommaviy sahnalarida ham huddi shunday kamchiliklar bo`lgan. Bu internet tarmoqlarida ham bor. Bu kabi masalalar suratga olish jarayonida sezilmay qoladi.

                                        MA`LUMOT UChUN:

“Buyuk Amir Temur” badiiy filmi 1996 yilda “O`zbekkino” kinostudiyasida suratga olingan. Tarixiy biografiya janridagi filmga Isamat Ergashev va Baqo Sodiqov rejissyorlik qilgan. 

Ssenariy mualliflari: Baqo Sodiqov, Abdulla Oripov va Pirimqul Qodirov. Filmda Bekzod Muhammadkarimov, Bahtiyor Zokirov, Aziz Beyshenaliev, Murod Rajabov, Ato Muxamadjonov, Qurbonali Sobir, Mariyam Farhodi kabi aktyorlar suratga tushgan.

                                                                                                                                                                     Mirolim ISAJONOV suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1