O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning may oyi oxirida Qirg`izistonga boradi. Bu haqda qo`shni davlat Prezidentining saytida ma`lum qilindi.
Unda ta`kidlanishicha, kecha, 14 aprel kuni Sadir Japarov O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari – Investitsiyaslar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovni qabul qilgan.
Sadir Japarov uchrashuv davomida O`zbekiston Qirg`izistonning juda muhim tashqi siyosati va strategik hamkori ekanini tasdiqlagan va ikki qardosh xalqni ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik rishtalari bog`lab turishini bildirgan.
Shu munosabat bilan Japarov O`zbekiston bilan davlatlararo munosabatlar va ko`p qirrali hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
"Davlat rahbari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning joriy yil may oyi oxirida kutilayotgan javob tashrifini mamnuniyat bilan qayd etib, Qirg`iziston-O`zbekistonning oliy darajadagi muzokaralari qardosh mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi",-deya ma`lum qilinadi qo`shni davlat Prezidenti saytida.






