AsosiySport

PFL Liga kubogi musobaqasini qayta tiklashga qaror qildi

'PFL Liga kubogi musobaqasini qayta tiklashga qaror qildi'ning rasmi

Shu yilning 31 mart kuni O`zbekiston Professional futbol ligasining yangi saylangan Ijroiya qo`mitasi yig`ilishi bo`lib o`tganidan xabaringiz bor. Unda so`nggi bor 2019 yilgi mavsumda o`tkazilgan Liga kubogi musobaqasini 2022 yilgi mavsumdan boshlab davom ettirish masalasi ham ko`rildi. Bu haqda PFL rasmiy sayti ma`lum qildi. 

Sir emaski, 2022 yilgi mavsum uchun Osiyo Futbol Konfederasiyasi tomonidan murakkab taqvim tuzib chiqildi. Avvalgi yillardagi pandemiya sabab qator musobaqalarni kechiktirishga majbur bo`lgan Konfederasiya, endilikda maksimal darajada ularni o`tkazishga harakat qilyapti.

Shuningdek, O`zbekiston futbol assoasiasiyasi U-23 Osiyo chempionatini qabul qilishga qaror qilgan. Qo`shimchasiga, Osiyo kubogining saralash uchrashuvlari ham O`zbekistonda bo`lib o`tadi. Superliga ishtirokchisi bo`lgan “Olimpik” futbol klubining qator futbolchilari qit`a chempionatiga jalb etiladi.

Buning oqibatida Superliga hamda Pro liga klublarida ayni futbol o`ynaydigan oylarda katta tanaffuslar yuzaga keladi. Bizda iyun oyining dastlabki 15 kunligida ichki musobaqalarni tashkil etish imkoniyati mavjud emas. Iyul oyidagi issiq ob-havo ham yana bir muammoni vujudga keltiradi.

Qo`shimchasiga, “Olimpik” futbolchilari asosini tashkil etuvchi O`zbekiston termasi sentyabr oyida Xitoyda bo`lib o`tadigan Osiyo o`yinlarida qatnashishi rejalashtirilgan. Bunga FIFA kunlari ham ulanib ketadi.

"Yuqoridagilardan kelib chiqib, O`zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo`mitasi Liga kubogi musobaqasini tiklash zarurati mavjud degan qarorga keldi. Biz mazkur musobaqaga qo`shni respublikalar jamoalarini jalb etishga ham urinib ko`ramiz. Yakunda ishtirokchilarning aniq sonidan kelib chiqib, musobaqa formatini shakllantiramiz.

Mazkur musobaqa va unga aloqador boshqa yangiliklardan futbol jamoatchiligini bosqichma-bosqich xabardor qilib boramiz", - deyiladi xabarda. 

    Boshqa yangiliklar