Xosiyatsiz ko`chadagi hodisalar

Mutolaa 22.06.2016, 16:27
Xosiyatsiz ko`chadagi hodisalar

Tahririyatimizga maktub yo`llab, o`zi guvoh bo`lgan sirli voqelik haqida yozib yuborgan Akbar aka bu olamning hayratomuz hodisalariga o`ylab-o`ylab sira javob topa olmagagani e`tirof etgan. Zero dunyoning hali biz tushunib etmagan jumboqlari ko`p. Ularni anglash uchun esa ba`zan zakovatimiz ojizlik qiladi. 

Men shu qishloqda tug`ilib o`sdim. Yozning jaziramasida ko`cha changitib tuproq kechishdan, qishning saratonida chana uchishdan bo`shamasdik. Eshigimiz shundoqqina katta ko`chaning yuzida bo`lganidan tengqurlar bilan u yoqdan bu yoqqa yugurishib, uyga kirmasdik.

Bir kuni hamma o`yinlarni o`ynab chiqdik. Har kungi bir xil mashg`ulotdan charchab, qo`shni mahalla bolalari bilan futbol o`ynashga boradigan bo`ldik. Lekin onam doim u mahallaga bormagin, bexosiyat joy, deb tayinlardilar. Men qabriston borligi uchun shunday desalar kerak deb o`ylardim. Bugun nimagadir bu qoidani buzgim keldi. Bizdan katta-kichik bolalar ikkita jamoa tuzib, qizg`in musobaqa boshladik. Bir soatlar chamasi yugurishib obdon holdan toydik. Lekin jamoamiz yutqizayotgan edi. Shunda guruhimizdagi eng qiziqqon bola Shavkat jonholatda darvoza o`rniga qo`yilgan ikkita tosh oralig`iga to`pni tepaman, deb raqib jamoa a`zosi Vohidni itarib yubordi. Shu payt gol ham bo`ldi-yu, qattiq chinqiriq ovozi ham quloqlarni qomatga keltirdi. 

Vohid qattiq yiqilib qo`lini sindirib olgandi. Bu men shu erda kuzatgan birinchi noxush hodisa edi. Keyinchalik anchagina ko`ngilsizliklarga guvoh bo`ldim.  

Oradan ancha yillar o`tib eshigimiz oldidagi tuproq ko`chalar mashinalar tinimsiz qatnaydigan katta asfalt yo`llarga aylantirildi. O`sha biz bolalar bilan futbol o`ynagan mahalla ko`chalari ham beton qilindi. Endi u erda bolalar o`ynashi u yoqda tursin, yo`lning nariga betiga o`tish uchun ham qatnovning to`xtashini kutishga to`g`ri kelardi. 

Qabriston joylashgan ko`chada esa tez-tez ko`ngilsiz hodisalar bo`lib turaverdi. Mahalladagilar bunga deyarli o`rganib qolishgandi. Shunchaki, “Bexosiyat joy-da”, deb qo`yishardi xolos. 

O`sha kuni endigina o`qishdan kelib, choyga o`tiraman deb turgandim. Bir payt ukam Asqar xovliqqancha kirib keldi.

—  Aka, aka, dadam qanilar!

—  Nima bo`ldi, tinchlikmi o`zi?

—  Bilasizmi, ko`z o`ngimda qabriston yonidagi bexosiyat ko`chada katta yuk mashinasi kelib yo`l chetidagi simyog`ochga kelib shunaqangi urildiki, jonim chiqib ketay dedi.

—  Rulda kim ekan? — qiziqib so`radim men ham.

—  Qo`shni qishloqdagi yigitlar shaharga yuk olib ketishayotgan ekan.

Dadam bu voqeani eshitgach, chuqur bir xo`rsinib qo`ydilar-u, lekin hech nima demadilar. 

Shunday kunlarning yana birida esa tezligini oshirib kelayotgan bir haydovchi yo`l chetida ketayotgan ikki o`quvchi qizni urib yubordi. Ulardan biri qattiq jarohat olib, hatto nogiron ham bo`lib qoldi. 

Nazarimda, dadam bo`lib o`tayotgan voqealar haqida bir narsani biladigandek tuyuldi. Ichki qiziqish tuyg`usi meni sira tinch qo`ymadi va choy ustida ularni savolga tutdim. 

—  Dada o`sha bexosiyat ko`chada nega doim bunday ko`ngilsiz hodisalar bo`laverarkin? Buning biror siri bormi?

Avvaliga gapimni eshitmaganlikka ola boshladilar. Men yuzlariga qiziqsinib tikilib turganimni ko`rgach, asta gap boshladilar:

— Bundan ancha yillar avval o`sha ko`chaning o`rni  katta qabriston bo`lgan. Hozirgisi o`shaning yarmi. Qabrlar cho`kib borgani sari odamlar sekin-asta o`sha joylardan yurib, kichik ko`cha ochib olishdi. Bora-bora u kengayib, katta yo`lga aylandi. Aslida u erga ilm-ma`rifatli kishilar ham qo`yilgan. O`shalarning ruhi bezovtalanib, bu erlarda noxush hodisalar yuz berib turarmikin, deb o`ylab qolaman, ba`zan. Har qaly o`shandan beri bu ko`chadan falokat arimaydi. 

Bu gaplarni eshitganimdan beri bu ko`chaga o`ylab qadam bosadigan bo`lib qoldim. Dadam aytib bergan hikoya menga hayotning qaysidir jumbog`ini ochgandek bo`ldi. Nima bo`lganda ham o`tganlarni qadrlash, ularning ruhini bezovta qilmaslik  biz tiriklarning burchimiz emasmi? 

Shahnoza RAHIMXO`JAEVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1