AsosiyDunyo

Dunyoda koronavirusga chalinish ko`rsatkichlari 21 foizga kamaydi

'Dunyoda koronavirusga chalinish ko`rsatkichlari 21 foizga kamaydi'ning rasmi

Kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti er yuzidagi epidemiologik vaziyat bo`yicha navbatdagi hisobotini e`lon qildi.  Bu haqda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unga ko`ra, o`tgan haftada dunyoda 4,5 million nafardan ziyod kishi koronavirusga chalinib, ulardan 15 ming 134 nafari xastalik oqibatida hayotdan ko`z yumgan.  

Bu, 11-17 aprel sanalariga qiyoslaganda, kasallanishlar soni 21 foiz, o`lim ko`rsatkichlari esa 20 foizga kamayganini anglatadi.

Koronavirusni yuqtirish bilan bog`liq sezilarli pasayish dinamikasi Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasi mamlakatlari hissasiga to`g`ri kelgan — 30 foiz!  G`arbiy Tinch okeani mintaqasida bu ko`rsatkich 28, Evropada 23, Janubi-Sharqiy Osiyoda 6 foizga etgan.

Afrika qit`asi davlatlarida esa aksincha — bemorlar soni 32 foiz ortishi qayd etilgan. Janubiy va Shimoliy Amerikada esa bu ko`rsatkich 9 foizni tashkil etdi. O`z navbatida, o`lim ko`rsatkichlari Afrikada 110, Janubi-Sharqiy Osiyoda 41 foiz ko`payishi kuzatilgan.  

18-24 aprel sanalarida koronavirus tashxisi qo`yilgan eng ko`p bemor Germaniyada ro`yxatga olingan — 675 ming nafar. Ikkinchi o`rinni 590 mingga yaqin ko`rsatkich bilan Koreya Respublikasi band etdi.

Fransiya esa uchinchi o`rinda — mamlakatda qariyb 543 ming odam koronavirusni yuqtirgan. To`rtinchi o`rinni 419 mingdan ziyod holat bilan Italiya, beshinchi pog`onani esa 298 ming nafardan ortiq bemor bilan AQSh egalladi.  

Dunyoda COVID-19dan o`lim ko`rsatkichlarining katta qismi AQShda qayd etildi — 2 ming 354 nafar. Ikkinchi o`rinda — Rossiya. Mamlakatda hafta davomida 1,4 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi.  

Koreya Respublikasida esa bu ko`rsatkich ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Shu bilan birga, Italiyada ming nafar hamda Buyuk Britaniyada 903 nafar bemor koronavirus qurboniga aylandi.

Shuningdek, JSST bayonotiga ko`ra, so`nggi 30 kun davomida olingan biomaterial namunalari tahlili dunyoda koronavirusning 99 foizi “omikron” va 0,1 foizi “delta” shtammi hissasiga to`g`ri kelmoqda.  

Bundan tashqari, tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus jahonda kasallanishlar soni keskin kamayib borishi aksariyat mamlakatlarda COVID-19ga qarshi test sinovlari qisqartirilayotgani bilan bog`liqligini ta`kidladi.  

 

    Boshqa yangiliklar