"O`zbekiston" Xalqaro Forumlar saroyida O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi tashkil topganining 30 yilligi nishonlandi. Bu haqda "darakchi.uz" muxbiri Oybek Shukurov xabar berdi.
Tantanali tadbirda O`zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov, Senati raisi Tanzila Norboeva, Prezident maslaxatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikromov, Osiyo Olimpiya Kengashining amaldagi rahbari Raja Randxir Singx, OOK Bosh direktori Husayn Al Musallam, OOK vise-prezidenti Otabek Umarov, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi va federasiyalar rahbariyati hamda ko`plab martabali mehmonlar ishtirok etishdi.
Tadbirda dastlab O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov davlat rahbarining O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi hamda Olimpiya harakati a`zolariga yo`llangan tabrikni o`qib eshittirdi.
Tadbirning ikkinchi qismida esa turli nominasiyalarda g`oliblar taqdirlandi.
Unga ko`ra:
“Olimpiadalarda eng ko`p medal keltirgan federasiya” – O`zbekiston boks federasiyasi;
“Olimpiya rekordchilarini tarbiyalagan federasiya” – O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi;
10 yilliklar kesimida O`zbekistonning eng yaxshi sportchilari:
1. Mirjalol Qosimov (1991-2001-yillar oralig`ida),
2. Abdullo Tangriev (2001-2011-yillar),
3. Oksana Chusovitina (2011-2021-yillar).
“Olimpiya o`yinlarida eng ko`p medalga ega chiqqan sportchi” – Rishod Sobirov. Ma`lumot uchun, u Pekin-2008, London-2012 va Rio-2016 olimpiadalarida bronza medalini qo`lga kiritgan.
“30 yillikning eng sovrindor murabbiyi” – Marat Qurbonov (boks).
“30 yillikda uzluksiz medallarni qo`lga kiritgan sport tashkiloti” – O`zbekiston sport kurashlari assosiasiyasi.
“30 yillikning eng shonli terma jamoasi” – Xirosima-94 Osiyo o`yinlarida g`oliblikni qo`lga kiritgan O`zbekiston futbol milliy terma jamoasi.
“Yozgi Olimpiya o`yinlaridagi birinchi medal” – Armen Bogdasarov (dzyudo, Atlanta-96, AQSh).
“O`zbekistonning eng yosh Olimpiya o`yinlari chempioni” – Ulug`bek Rashitov (Tokio-2020, Taekvondo WTF).
Tadbir so`ngida esa estradamiz yulduzlarning chiqishlari mehmonlarga ko`tarinki rux bag`ishladi.






