Bugun Toshkentdagi O`zbekiston davlat san`at muzeyi atrofida karting bo`yicha mamlakat chempionati va birinchiligining birinchi bosqichi boshlandi.
Musobaqada O`zbekiston kartingchilari bilan bir qatorda qo`shni Qozog`iston Respublikasidan kelgan sportchilar ham ishtirok etishmoqda. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi xabar bermoqda.
Ma`lumotga ko`ra, O`zbekiston chempionati va birinchiligida jami 35 nafar kartingchi bahslarga kirishdi. Shundan 15 nafari 16 yoshgacha bo`lgan bolalar va o`smirlar bo`lib, ular mamlakat birinchiligi uchun kurashga kirishsa, 16 yoshdan yuqori bo`lgan ishtirokchilar esa O`zbekiston chempionligi uchun musobaqalashadi.
Qayd etilishicha, mamlakat birinchiligida sportchilar 10 km masofani bosib o`tishlari lozim bo`ladi. Kattalar esa 12 km. ga sprint va 25 km. ga final bosqichida o`z imkoniyatlarini sinab ko`rishadi. Musobaqa g`oliblari bugun ma`lum bo`ladi.
O`zbekiston chempionati va birinchiligining ikkinchi bosqich musobaqalari shu yilning 4-5-iyun kunlari ko`hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida tashkil etiladi. Karting bo`yicha O`zbekiston chempionati va birinchiligi musobaqalarining g`oliblari esa jami 5 bosqichda o`tadigan bahslar yakuniga ko`ra aniqlanadi.






