“Uch qiz”ning faryodi

Mutolaa 28.06.2016, 15:53
“Uch qiz”ning faryodi

Bu voqeani bizga surxondaryolik muxlisamiz Aziza Xudoyorova yozib yuborgan. Maktub o`ziga xosligi va g`ayrioddiyligi bilan e`tiborimizni tortdi. Ehtimol, siz ham bu kabi hodisalarga duch kelgandirsiz. Bizga yozib yuboring, deya xatni e`tiboringizga havola qilamiz.

Bu voqea elas-elas yodimda qolgan. Boisi, juda kichkina bo`lganman. Chamamda besh-olti yoshda bo`lsam kerak. Buvim xastalanavergach, shifokorlar “Havo almashtirsin, vaqtincha bo`lsa ham chetroq, tog`li qishloqlarga borib yashab turinglar”, debdi. 

Bilasiz, qishloq joylarda ortiqcha, ijara uyning o`zi bo`lmaydi. Odamlarda o`zlari yashashlari uchungina uy quradilar. Vaqtincha yashab turish uchun xona topilishi mumkin, lekin oilaviy yashash uchun bus-butun hovlini ijaraga topish mushkul. 

—  Kichikroq bo`lsa ham uy sotib olamizmi? — dedi otam buvimga maslahat solib. — Shahar chetidagi bir xonali uyni sotsam, qishloqdan hovli berarkan.

—  Uni katta o`g`lingga atab olganding, — norozi bo`ldi buvim.

—  Qishloqdagi hovli ham mulk bo`ladi, ena. Istagan vaqtingizda sotsangiz pul, yashasangiz joy. Biz biribir bir-ikki oyga bormaymiz. Siz sog`ayguningizcha, bir-ikki yil yashaymiz. Hammamiz boramiz. Shunday ekan, muqim yashash joy kerak bizga. 

—  Bolalaringning maktabi nima bo`ladi?

—  Qishloq maktabida o`qishadi...

—  Bo`lmasa, rostdan ham oladigan bo`lsang, bir yo`li yaxshi joydan ol. Toqqa yaqin bo`lsin. Bir umr qoladigan, borib dam olib keladigan xonadonlaring bo`lib qolsin, — nasihat qildi buvim. 

Shu bilan otam tanish-bilishlarini ishga solib, tog` bag`rida joylashgan qishloqlardan uy surishtira boshladi. Aksiga olib, qishloqlarda uncha-munchaga uy sotilmas ekan. Ikki oy o`tdi hamki, sotiladigan uy topilmadi. Buvimning esa sog`lig`i yomonlashdi.

—  Ijaraga bo`lsa ham xona olamiz, — dedi otam bir kuni tongda chiqib keta turib. — Bugun surishtiraman. Ikkita xonasini bo`lsayam olamiz. Boshqa iloj yo`q.

Shu bilan otam ikki kun uyga kelmadi. U paytlar telefonlar yo`q, rosa xavotir oldik. Keyin bilsak, otam uy topmaguncha izlayveribdi. Uyga xursand bo`lib kirib keldi:

—  Bitta hovlicha topdim. Ziyoratgoh uchun qurilgan joy ekan. Odamlar agar qo`rqmasanglar yashab turaveringlar. Savob-ku, deyishdi. Nimadan ham qo`rqamiz, to`g`rimi? Qadamjo bo`lsa...

O`sha kuniyoq biz ko`ch-ko`ronimizni yig`ishtirishga tushdik. Hamma narsa keraklidek tuyuladi. Otam “Uncha ko`p narsa olmanglar”, deydi. Biz olaveramiz. Kulisha-kulisha otam topgan joyga keldik. Tog`ning orasida, salqin, daraxtzor ichidagi uch xonali uy ekan. Sal narida uchta tik qoyasifat tosh bor. Odam gavjum. 

—   Onaxon bitta xonada yotib turaversin. Ziyoratchilar uyga kirmaydi, tashqarida, daraxtlar tagidan qaytib ketishadi, — deyishdi. 

Biz darhol joylashishga kirishdik. Otam bizga maktabni gaplashgani ketdik. Ul-bul qilgunimizcha kech tushdi. 

—  Maktab sal uzoq ekan. Ertalab ishga ketayotganimda o`zim olib ketaman, sizlarni, — dedi otam. 

O`sha kech charchoq va hayajon bilan hech narsa sezmadik. Ammo ertasiga, undan keyin kechasi uxlay olmaydigan bo`ldik. Bir-ikki kun otam indamay yurdi. Oxiri ziyoratgohdagi narsalarga ko`z-quloq bo`lib yuradigan xodimdan so`radi:

—  Aka, kechasi har xil ovoz keladi... Yo bizga shunday tuyulyaptimi?

Haligi amaki kuldi:

—  Men sizga boshida, qo`rqmasangiz yashayvering, dedim-ku! Bu er “Uch qiz” ziyoratgohi. Anuv uch toshni bir paytlar dushmandan qochgan uch opa-singilning tosh qotgan tanasi deyishadi. Ayrimlar bunga ishonmaydi. Shunchaki, tosh-da, deydi. Lekin bu erning xosiyatini hali ko`rasiz. Onangiz sog`ayib ketadi. Faqat qo`rqmang. Kechasi shu uch qizning “oh-vohi”ga chiday olsangiz bo`lgani. Bu beziyon. Ovoz bor faqat. Mana men necha yildan buyon qorovullik qilib yotaman-ku! Ko`pchilik qo`rqib ketib qoladi. Lekin bu erning havosida nimadir bor. Har qanday odam shifo topadi, suvi ham davo...

Bu gaplarni eshitgandan keyin bu sirli  ovozga diqqat bilan quloq soladigan bo`ldik.

—  Qo`rqmanglar, haligi uchta toshga shamol turli tarafdan  urilib, shunaqa ovoz chiqaryati, — dedi oyim.

—   Shamoldan bunaqa ovoz chiqmaydi, —e`tiroz bildirdi buvim.

Ertasiga oyim joyidan tura olmay kasal bo`lib yotib qoldi. Qo`rqib ketgan otam darhol onamni suyab uch tosh oldiga olib bordi. Oyim duo qilib, Xudodan kechirib so`radi va uch kunda sog`aydi. Eng hayratlanarlisi, shifokorlar bir-ikki yilcha qishloqda yashasalaring tuzalib ketadi degan buvim ikki oyda otdek bo`ldi. Biz ikki oydan so`ng uyga — shaharga qaytdik. Lekin bu voqeani hech birimiz unutmadik...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1