AsosiySport

Xanchjou-2022 boshqa muddatga ko`chirildi. Endi terma jamoalarda tayyorgarlik qanday kechadi?

'Xanchjou-2022 boshqa muddatga ko`chirildi. Endi terma jamoalarda tayyorgarlik qanday kechadi?'ning rasmi

Joriy yilning 6 may kuni Toshkentda o`tgan Osiyo Olimpiya kengashi Ijroiya qo`mitasining yig`ilishida sentyabr oyida bo`lib o`tishi kutilgan Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlari boshqa muddatga ko`chirildi. Bu haqda O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, shu bois, kecha, 12 may kuni MOQda mazkur vaziyat yuzasidan yig`ilish o`tkazildi.

“Osiyo o`yinlarining qoldirilgani kayfiyatimizga ta`sir etmasligi kerak. Chunki yil davomida bizni Osiyo va jahon chempionati, har bir sport turidagi boshqa nufuzli musobaqalar va Islom birdamligi o`yinlari kutib turibdi. Endigi tayyorgarligimiz mazkur musobaqalarga qaratiladi. Turkiyada o`tadigan Islom birdamligi o`yinlari Parij-2024 Olimpiadasiga olib borayotgan hozirligimiz qanday ketayotganini ko`rsatib beradi. Bu kompleks musobaqaning borligi biz uchun juda qulay bo`ldi. Shu bois, tayyorgarlikni aslo susaytirmaslik lozim”, – deydi Sportni rivojlantirish vazirining o`rinbosari Shahrullo Mahmudov.

Shundan so`ng Oybek Kasimov davlat tomonidan ajratiladigan byudjet mablag`lari, ularni maqsadli sarflash bo`yicha qo`shimcha qilgan:

“Davlatimiz tomonidan federasiyaslarimizni moliyalashtirish bo`yicha ajratilgan aniq mablag` mavjud. Bundan keyin ham uni maqsadli sarflashda davom etamiz. Terma jamoalarimiz muntazam o`quv-mashg`ulot yig`inlarida bo`lishlarini, xalqaro musobaqalardagi ishtiroklarini ta`minlaymiz. Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov mazkur yig`ilishda oldimizda turgan rejalarni belgilab olishimizni so`radilar. Prezidentimiz va hukumatimiz bizni qo`llab-quvvatlamoqda. Ta`kidlanganidek, Xanchjou-2022 Osiyo o`yinlarining qoldirilishi ishimiz to`xtab qolishini anglatmaydi”,-deydi u.

Shundan so`ng Sherzod Tashmatov Islom birdamligi o`yinlarining ahamiyati, unda oldimizga qo`yilajak maqsadlar haqida to`xtalgan.

“Atletlarimizning tayyorgarligi, jismoniy holati va sport formasini nazoratda ushlab turishimiz, bu orqali Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlikni bosqichma-bosqich davom ettirishimiz kerak. Har bir terma jamoalarimizning natijalarini tahlil qilib boramiz. Bu yil Islom birdamligi o`yinlari biz uchun muhim. 2017 yil ushbu musobaqada umumjamoa hisobida to`rtinchi o`rinni egallagan bo`lsak, bu gal kamida ikkinchi pog`onani ko`zlab harakat qilamiz. Ushbu startga ham 3 oy vaqt qoldi. Har bir federatsiyasdan unda ishtirok etadigan atletlar ro`yxatini shakllantirib olishlarini so`rab qolamiz”, – deydi MOQ raisi o`rinbosari.

Yig`ilish davomida Ravshan Irmatov hamjihatlikda, o`zaro tajriba almashgan holda yilning boshqa musobaqalariga tayyorlanish, bir vaqtning o`zida hududlardagi murabbiy va hakamlarning malakasiri oshirib borish bo`yicha fikr bildirgan.

Yakunda mutasaddilar tomonidan joriy yil ishtirok etiladigan musobaqalar rejasini qayta tuzib chiqish, federasiyalardagi qarzdorlik holati, yil yakunigacha bo`lgan taxminiy sarf-xarajatlar smetasini shakllantirish bo`yicha topshiriqlar berilgan.

    Boshqa yangiliklar