Andijon viloyati Asaka tumanida bemor qornida operasiya vaqtida qoldirib ketilgan salfetka 10 oy o`tib, jarrohlar tomonidan olindi. Holat bo`yicha tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, 2020 yilning 5 oktyabr kuni Asaka tumani “G`anchayuz” MFY G`anchayuz ko`chasida yashovchi O`.D.ni tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 2-sonli tug`ruq uyiga “Homiladorlik-1, tug`ruq 0, 39 hafta 4 kun. Qog`onoq pardasini tug`ruqdan oldin yorilishi” tashxisi bilan shifokor akusher-ginekolog F.Husanova va doya Solievalar qabul qilib olgan.
Muayyan tug`ruq jarayoni bo`lmaganligi sababli nazorat olib borish maqsadida xasta homiladorlar bo`limiga yotqizilgan. Reja asosida laborator va instrumental tekshiruvlar o`tkazilgan. Kuzatuv davomida ayolning holati qoniqarli (homila harakati mavjud, yurak urishi xar daqiqada 142 zarba) deb baholangan.
Xabarda aytilishicha, 7 oktyabr kuni ayolda muayyan tug`ruq jarayoni boshlanganligi sababli “Homiladorlik 1, 39 xafta 6 kun, tug`ruqning 1-davri latent fazasi, kamqonlik o`rta og`ir daraja, qog`onoq pardani tug`ruqdan oldin yorilishi” tashxisi bilan tug`ruq o`tkazish rejasi tuzilgan. Shu kuni soat 17:30 da tug`ruq bo`limi shifokorlari I.Rahmonberdieva, M.Muxtorova tomonidan konsilium o`tkazilib, “Homiladorlik 1, 40 xafta, tug`ruqning 1-davri aktiv fazasi, kamqonlik o`rta og`ir daraja, qog`onoq pardani tug`ruqdan oldin yorilishi” tashxisi qo`yilgan. Shuningdek, portogramma yuritish, nazorat belgilangan. Soat 21:30 da ayol holati qoniqarli bo`lib, to`lg`oq kuzatilib, bachadon bo`yinchasini ochilishi samarasiz, homila yurak urishida taxiaritmiya kuzatilgan bo`lib, uning soni har daqiqada 178 zarbani tashkil etgan, ohanglari bo`g`iqlashgan. Shu holatdan kelib chiqib, “Homiladorlik 1, 40 xafta, tug`ruqning 1-davri aktiv fazasi, homilaning nomuayyan holati (ishonchsiz), qog`onoq pardaning tug`ruqdan oldin yorilishi, kamqonlik o`rta og`ir darajasi belgilangan.
Shundan so`ng ayolning oila a`zolari bilan suhbat olib borilib, jarrohlik muolajasiga yozma rozilik olingan. Jarrohlik muolajasi kesercha-kesish usulida o`tkazilgan. 7 oktyabr kuni soat 21:48 da jinsi o`g`il, vazni 3600 gr. bo`lgan tirik chaqaloq tug`ilgan. Jarrohlik amaliyoti SMA og`riqsizlantirilishi yo`li bilan amalga oshirilgan. Asoratlar kuzatilmagan. Jarrohlikdan so`ng bemor intensiv kuzatuv olib borish xonasiga o`tkazilib, infuzion, antibakterial terapiya olib borilgan. 12 oktyabr kuni O`.D.ga qoniqarli ahvolda tirik chaqaloq bilan 10-OP shifokor va patranaj hamshirasi nazorat olib borish tavsiyasi bilan uyiga ketishga ruxsat berilgan.
Qayd etilishicha, 2021 yilning 16 avgust kuni Asaka tuman ShTYoB bo`limiga o`tkir bitishmali ichak tutilishi tashxisi bilan O`.D. yotqizilgan. Bemor zaruriy laborator va instrumental tekshiruvlardan o`tkazilib, zudlik bilan operasiyaga olingan. Tashxis vaqtida bemorning ingichka ichagiga yot jism tiqilib qolganligi aniqlangan. Yot jism olingan va u salfetkaligi aniqlangan, ichak jarohati tikilgan. Chuvalchangsimon o`simtasi ikkilamchi yallig`langanligi uchun olib tashlangan. Operasiyadan keyingi davr tinch o`tgan.
Bemor 2021 yilning 20 avgust kuni qoniqarli holatda rejali jarrohlik bo`limiga o`tkazilgan. 28 avgust kuni bemor qoniqarli holatda uyiga ketishga ruxsat berilgan.
Bugungi kunda fuqaro O`.D. va uning farzandi amaliy sog`lom, salomatligi bo`yicha hech qanday shikoyat va e`tirozlari yo`q. Tashxis vaqtidagi olingan videoyozuv kelgusida shifokorlar orasida tashxis vaqtida bunday qo`pol xatolarga yo`l qo`ymasliklari, shifokorlarni hushyor bo`lishligi uchun olingan va noma`lum shaxs tomonidan tarqatib yuborilgan, deyiladi xabarda.