Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi matbuot kotibining ma`lumot berishicha, agentlikka joriy yilning o`tgan davri mobaynida 7 mingdan ortiq iste`molchilar murojaat qilgan.
Qayd etilishicha, ushbu murojaatlarning 42 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlariga to`g`ri kelsa, 33 foizi savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari, 18 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 7 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to`g`ri keladi. Ko`rib chiqilgan murojaatlarning 79 foizi qanoatlantirilgan, 14 foiziga tegishli tushuntirish berilib, 5 foizi vakolatli idoralarga yuborilgan.
Agentlik mutaxassislari tomonidan murojaatlarni ko`rib chiqish va ular asosida o`tkazilgan o`rganishlar jarayonida 4 mingdan ortiq iste`molchilarning buzilgan huquq va manfaatlari tiklanishiga erishildi. Natijada iste`molchilarga 3 mlrd. 800 mln. so`m miqdorida zarar etkazilganligi aniqlangan.
Kelib tushgan murojaatlarning askariyat qismi uy-joy kommunal sohasiga tegishli bo`lib, agentlik va uning hududiy tuzilmalari tomonidan aholining ushbu sohadagi muammolarini tizimli ravishda o`rganish, xizmat ko`rsatuvchi korxonalar bilan muammolarni tezkor va joyida ko`rib chiqish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning 25-27 yanvar kunlari Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog`ida avariya sodir bo`lishi natijasida respublikaning barcha hududlarida elektr energiya ta`minotida o`chishlar sodir bo`lgan. Uni oqibatida tabiiy gaz ta`minotida vujudga kelgan uzilishlar sababli “Toshissiqquvvati” Davlat Unitar Korxonasi tomonidan iste`molchilarga belgilangan talablarga muvofiq issiqlik ta`minoti etkazib bermaslik holati aniqlangan.
Natijada, Agentlik tomonidan “Toshissiqquvvati” DUKga berilgan topshiriqqa asosan abonentlarga 4 mlrd. 500 mln. so`m miqdoridagi mablag` belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berilishi ta`minlangan.Xuddi shu kabi o`rganishlar respublikaning 9 ta hududlarda ham amalga oshirilib, uning natijasida 1 mlrd. 222 mln. so`m miqdorida ortiqcha olingan mablag`lar aniqlanib, bugungi kunda ushbu mablag`lar iste`molchilarga qayta hisob kitob qilib berilishi ta`minlangan.
Agentlikning navbatdagi o`rganishlaridan biri hisoblagichlarning davriy qiyoslovi muddati va uni o`tkazish bilan bog`liq bo`ldi. Xususan, karantin choralari joriy etilgani munosabati bilan gaz hisoblagichlarni davriy qiyoslovdan o`tkazish kechiktirilishi va keyinchalik davlat dasturi doirasida ularning o`rniga yangi aqlli hisoblagichlar o`rnatilishi sababli, davriy qiyoslashdan o`tkazish bo`yicha to`langan 634 mln. 700 ming so`m yig`imlarni 14 ming nafardan ortiq iste`molchiga qaytarilishi bo`yicha choralar ko`rilmoqda.
Shuningdek, respublika hududlaridagi ayrim xonadonlarni tabiiy gaz ta`minotidan uzilgan bo`lsa-da, 522 ming nafar iste`molchining abonent hisob-varag`ida tabiiy gaz uchun oldindan amalga oshirgan 16 mlrd. so`mdan ortiq miqdoridagi to`lovlari, ya`ni haqdorligi qolib ketganligi aniqlandi va bugungi kunda iste`molchilar foydasiga 8 mlrd. so`mdan ortiq mablag` qayta hisob-kitob qilingan. Qolgan mablag`larni iste`molchilarga qayta hisob-kitob qilish maqsadida, ushbu ish doirasida to`plangan hujjatlar belgilangan tartibda Bosh prokuraturaga xulosa berish uchun kiritilgan. Hozirda mazkur ish doirasida viloyat prokuraturalari va Agentlikning hududiy tuzilmalari bilan hamkorlikda o`rganish ishlari olib borilmoqda.
“Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat banki viloyat filiallari tomonidan aholidan kommunal xizmatlari uchun to`lovlarni bank kassalari orqali amalga oshirilganda, ushbu to`lovlar summasiga nisbatan, olinadigan qo`shimcha 2 000 so`m bank xizmatlari ya`ni komissiya undirish holatlari bo`yicha Agentlik tomonidan tahliliy o`rganishlar o`tkazildi.
Ta`kidlash lozimki, ijtimoiy tarmoqlarda iste`molchilar o`z e`tirozlarini bildirib, mazkur masala keng salbiy muhokamalarga sabab bo`ldi. Tahlil natijalariga ko`ra, “Ipoteka bank” aksiyadorlik tijorat bankiga nisbatan ish ko`zg`atilib, iste`molchilardan undirilgan mablag`larni belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib berish bo`yicha ko`rsatma berildi.
2021 yilda “UZAUTO MOTORS” AJ faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarga asosan avtomobillarni etkazib berish muddatlariga rioya etilmaganligi yuzasidan tahlillar o`tkazilgan.
Tahlillarga ko`ra, 68 ta dilerlik tashkilotlari tomonidan 5 mingdan ortiq holatda avtomobillarni shartnomalarga muvofiq belgilangan muddatlarda etkazib berilmaganligi aniqlanib, hozirgi kunda belgilangan muddatda etkazib berilmagan kunlar uchun iste`molchilarga penya to`latib berish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Agentlik ish rejasi va boshqa idoralar tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlar hamda iste`molchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida iste`molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish sohasida turli sohalarda 102 ta o`rganish va tahlillarni o`tkazdi.
O`rganishlarda, iste`molchilardan jami 23 mlrd. 600 mln. so`m miqdorida ortiqcha mablag` olingani aniqlandi. Va bugungi kunda ushbu mablag`larning 14 mlrd. 100 million so`mi iste`molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.






