Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan, Bekobod shahrida sodir bo`lgan YTH yuzasidan ma`lumot berildi.
2022 yil 22 may kuni soat 12:40 larda, Toshkent viloyati, Bekobod shahar, Madaniyat MFY hududidan o`tgan 4P-26 "Sirdaryo-Dehqonobod-Bekobod" avtomobil yo`lining 99-kilometrida haydovchi, 1985 yilda tug`ilgan J.G. boshqaruvidagi "Vaz-2104" rusumli avtomobilda o`zidan oldinda bo`lgan transportni quvib o`tish maqsadida qarama-qarshi harakatlanish uchun mo`ljallangan tomonga chiqqan vaqtida, ro`parasidan kelayotgan haydovchi, 1986 yilda tug`ilgan O.I. boshqaruvida bo`lgan "Kobalt" rusumli avtomobil bilan to`qnashgan.
YTH Natijasida, "Vaz-2104" rusumli avtomobil haydovchisi J.G. va "Kobalt" rusumli avtomobilda bo`lgan yo`lovchi, 2022 yilda tug`ilgan S.A. og`ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, "Kobalt" rusumli avtomobil haydovchisi O.I. va ushbu avtomobil yo`lovchisi, 1961 yilda tug`ilgan N.I. hamda "Vaz-2104" rusumli avtomobil yo`lovchisi, 2013 yilda tug`ilgan A.S.lar tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Bekobod shahar IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






