Yig`ilishda sportchilarni professional tayyorlash tizimi ham to`liq qayta ko`rib chiqilishi ta`kidlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
“Respublika va Chirchiq shahar olimpiya zaxiralari kollejlaridan boshqa birorta sport kolleji o`z natijasi bilan maqtana olmaydi.
Sababi, yoshlar terma jamoalarining bosh trenerlari aynan shu 2 ta kollejda faoliyat yuritadi va sport federasiyalari ham faqat ular bilan ishlashga o`rgangan”, dedi davlat rahbari.
Misol uchun, Samarqand olimpiya kolleji sport gimnastikasi, taekvondo va stol tennisi bo`yicha so`nggi 3 yilda musobaqalarda sovrinli natija ko`rsatmagan. Vaholanki, kollejda ushbu sport turlari bo`yicha 23 nafar sportchi, 3 nafar trener mavjud.
Shuningdek, hozirda olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan yuqori o`smirlar qabul qilinayotgani, oqibatda yoshlarni Olimpiada o`yinlariga tayyorlash 7-8 yil kech boshlanayotgani qayd etildi.






