Yig`ilishda umumrespublika sport musobaqalari “tuman – viloyat – respublika” zanjiri asosida tashkil etilishi belgilandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bundan buyon:
- birlamchi saralash bosqichidan o`tmagan sportchilar viloyat va respublika bosqichida ishtirok etmaydi;
- milliy terma jamoalarga barcha bosqich musobaqalarida ishtirok etib g`olib yoki sovrindor bo`lgan yoshlar saralab olinadi;
- har yili mahalla va muassasalar jamoalari ishtirokida ko`p bosqichli Hokim kubogi tashkil qilinadi.
Xalqaro tajriba va standartlar asosida sport turlari bo`yicha milliy chempionatlar o`tkazish tartibi ishlab chiqiladi.
Prezident sport sohasidagi ilmiy salohiyatning amaldagi holati ham talab darajasida emasligini tanqid qildi.
“Birorta sport turi bo`yicha mahalliy olimlar tomonidan na metodika, na dastur ishlab chiqilgan.
Sport dietologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardiomashg`ulotlar bo`yicha bizda umuman mutaxassislar tayyorlanmaydi.
Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda”, dedi Prezident.






