“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 32-moddasiga asosan lisenziya talablari va shartlari buzilishi aniqlanganligi sababli, “Agros Hayot” sug`urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyatining 2021 yil 1 dekabrdagi SF 00024-sonli hamda “Farovon Sug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining 2022 yil 25 fevraldagi SF 00046-sonli lisenziyalarining amal qilish muddati 2022 yil 23 may sanasidan boshlab o`n kun muddatga to`xtatildi. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`ulm qilinishicha, ushbu davr mobaynida sug`urtalovchiga yangi sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalarini tuzish, shu jumladan amaldagi sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalarini uzaytirish taqiqlanadi. Ilgari tuzilgan sug`urta (qayta sug`urta) shartnomalari bo`yicha esa o`z zimmasiga olgan majburiyatlarini belgilangan tartibda bajarishi shart.
Sug`urta tashkilotlari tomonidan ular faoliyatidagi qonunchilik talablarining buzilishi holatlari bartaraf etilganligini asoslovchi hujjatlar ushbu muddat ichida O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug`urta bozorini rivojlantirish agentligiga taqdim etilishi lozim.
Aks holda, ushbu sug`urta tashkilotlariga nisbatan sug`urta faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyalarining amal qilishini qonunchilikda belgilangan tartibda o`n kundan ortiq, lekin olti oydan ko`p bo`lmagan muddatga to`xtatish choralari ko`riladi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi “Sug`urta faoliyati to`g`risida”gi Qonunining 35 va 36-moddalari talablari buzilganligi sababli, ularni bartaraf etish, aks holda sug`urta faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziyalarini to`xtatilishi yuzasidan bir nechta sug`urta tashkilotlariga taqdimnomalar kiritilgan.






