Bugun, 24 may kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasining yigirma oltinchi yalpi majlis oldidan majlisi bo`lib o`tdi.
Unda “Yong`in xavfsizligi to`g`risida”gi Qonunning ijrosi, xususan, is gazidan zaharlanishning oldini olish bo`yicha ko`rilayotgan choralar muhokama qilindi.
Ta`kidlanganidek, senatorlar boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan olib borilgan o`rganishlar davomida mazkur tarmoqda qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
Senatorlar qayd etishicha, o`tkazilayotgan profilaktik tadbirlar etarli darajada o`z samarasini bermagan. Oqibatda 2020 yildan 2022 yilning o`tgan davrida is gazidan zaharlanish bilan bog`liq 428 ta holat sodir bo`lgan. Natijada 366 nafar fuqaro vafot etgan va 307 nafar shaxs turli darajada jarohatlangan.
Ta`kidlanishicha, amaldagi qonunchilikda is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga mas`ul bo`lgan vakolatli davlat organi aniq belgilanmagan. Natijada bu borada amaliyotda tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda.






