Antibiotiklar virusli kasalliklarda foyda bermaydi, aks ta`sir ko`rsatadi

Salomatlik 26.05.2022, 14:05
Antibiotiklar virusli kasalliklarda foyda bermaydi, aks ta`sir ko`rsatadi

Faqat shifokor tavsiyasi asosida qo`llaniladigan dorilarni o`zboshimchalik bilan qabul qiladiganlar oramizda ko`p uchraydi. Shamollash, yo`tal, isitma, teridagi yallig`lanishlar, turli og`riq va virusli xastaliklarda shunday preparatlardan o`z-o`zicha foydalanib, ahvoli og`irlashgan yoki o`lim topganlar ham bor, afsuski.  

Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig`i Muhabbat Ibragimova antibakterial  preparatlarni qo`llash mumkin bo`lmagan holatlar haqida o`z tavsiyalarini ma`lum qildi.  

— Antibiotiklardan  o`zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa a`zolari faoliyatini ham izdan chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, jigar va buyrak etishmovchiligi holatlarida juda og`ir asoratlarni yuzaga keltirishi mumkin.

Bundan tashqari, ushbu vositalarni noo`rin qo`llash oqibatida  anafilaktik shok, ya`ni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaksiya yuzaga kelishi xavfi bor.

Gripp, O`RVI, koronavirus kabi virusli xastaliklarda esa antibiotiklar nafaqat foyda bermaydi, balki aks ta`sir ko`rsatishi mumkin. Chunki bu infeksiyalarning sababchisi bakteriya emas, balki virusdir. Shu tufayli antibakterial preparatlar qabul qilgan bemorning ahvoli og`irlashib, immuniteti kuchsizlanadi.  

Shvesiyalik tadqiqotchilar yaqinda antibiotiklarning yana bir xatarli asoratini ma`lum qildi. Unda keltirilishicha, bunday preparatlarni qabul qilgan insonlarda 5-10 yil ichida kolorektal saratonning rivojlanish xavfi oshadi.  

Olimlar olti yil davomida yo`g`on va to`g`ri ichak saratoni bilan kasallangan 40 ming nafar bemorni alohida kuzatuv ostiga oldi. Tadqiqot davomida ularning o`tgan 10 yil davomida qancha miqdorda va qaysi antibiotiklardan foydalangani o`rganildi.

Ma`lum bo`lishicha, antibiotik qabul qilgan bemorlarda yo`g`on ichakda saraton rivojlanish xavfi yuqori.  

Aslida belgilangan tegishli ko`rsatmalarsiz bemorlarga antibiotiklar tavsiya qilinmasligi zarur. Yiringli balg`am paydo bo`lishi, qon tahlilidagi o`zgarishlar, ya`ni leykositlar va neytrofillar miqdorining oshishi, yallig`lanish ko`rsatkichlarida S-reaktiv oqsilining ko`payishi shular jumlasidandir.  

So`zimiz yakunida fuqarolarimizdan antibiotiklarni o`zboshimchalik bilan qo`llab, hayotini xavf ostida qoldirmasliklarini so`raymiz! 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1