Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Konstitusiyasiga o`zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi.
Ayni paytda Konstitusiyaviy komissiya o`zining birinchi tashkiliy yig`ilishini o`tkazmoqda .
Ta`kidlanishicha, Konstitusiyaviy islohotlar jarayoni boshlanganidan beri xalqimiz, keng jamoatchilik tomonidan Asosiy qonunimizga o`zgartirish va qo`shimcha kiritish bo`yicha juda ko`plab fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda. Ularning aksariyati hozircha ijtimoiy tarmoqlarda bildirildi. Yanada aniqroq aytadigan bo`lsak takliflar Konstitusiyamizning 13,15, 29, 37, 40, 41, 53, 78, 80-moddalari bilan bog`liq. Xususan:
1. Insonning davlat organlari bilan o`zaro munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi;
2. Konstitusiyaning oliy yuridik kuchga ega bo`lib, to`g`ridan-to`g`ri amal qilishi;
3. Har kimning axborot resurslari, kommunikasiya texnologiyalari va internetdan erkin foydalanish huquqiga egaligi;
4. Davlatning aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo`yicha qo`shimcha kafolatlarni ta`minlash majburiyati;
5. Davlatning ishsizlik va kambag`allikni tugatish uchun o`zining barcha imkoniyatlaridan foydalanish majburiyati;
6. Har bir insonning sog`lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo`lish hamda o`z sog`lig`iga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli etkazilgan zararning o`rni qoplanishi huquqiga egaligi;
7. Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investisiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta`minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo`l qo`yilmasligi va boshqalar shular jumlasidandir.