Ijtimoiy tarmoqda "Qarshi shahrida kamar masalasi bo`yicha odamlar yig`ilmoqda ekan" sarlavhasi bilan tarqalgan video yuzasidan ma`lumot berildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan “Yo`l harakati qoidalari”ning 9-bandida yangi norma kiritilgan bo`lib, unda "Konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old o`rindig`idagi yo`lovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart”ligi belgilangan.
Barcha ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda yangi taxrirdagi yo`l harakati qoidalariga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida bir-necha bor chiqishlar qilindi. Shuningdek, korxona, tashkilot, mahalla va transport uyushmalarida hamda avtomobil yo`llarida yo`l-patrul xizmati xodimlari tomonidan harakat ishtirokchilariga tushuntirish, targ`ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Yangi taxrirdagi yo`l harakati qoidalariga kiritilgan o`zgartirish va qo`shimchalarning asosiy maqsadi avtomobil yo`llarida sodir bo`layotgan og`ir turdagi yo`l-transport hodisalarini oldini olishga, fuqarolarmizning sog`lig`i hamda hayotini asrashga, yo`l-transport hodisalarining og`irlik darajasini kamaytirishga qaratilgan.
Joriy yilning 26 may kuni soat taxminan 14:00lar chamasida Qarshi shahar, Islom Karimov ko`chasida joylashagan Transport kolleji ro`parasida, yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanuvchi taksi haydovchilari tomonidan norozilik bildirilib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so`rab mas`ullarga murojaat bilan chiqishgan.
Ma`lumot o`rnida, 2022 yil 14 may kuni Islom Karimov ko`chasida “Lochin ko’z-Q” dasturi asosida kameralar o`rnatilib ushbu kameralar orqali xavfsizlik kamari qoidabuzarliklarini aniqlash ishga tushirilganligi to`g`risida Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy sahifasi hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali ma`lumot berilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Barcha yo`l harakati ishtirokchilaridan amaldagi Yo`l harakati qoidalariga rioya etishlarini so`rab qolamiz.






