AsosiyJamiyat

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov AQShning Afg`oniston bo`yicha Maxsus vakili bilan uchrashdi

'Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov AQShning Afg`oniston bo`yicha Maxsus vakili bilan uchrashdi'ning rasmi

 

2022 yil 27 may kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Amerika Qo`shma Shtatlarining Afg`oniston bo`yicha Maxsus vakili Tomas Vest bilan uchrashdi.

Muloqot chog`ida Amerika tomoni O`zbekiston Rahbariyati tomonidan Afg`onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, afg`on xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko`rsatish bo`yicha yuritilayotgan siyosatni yuqori baholadi.

Tomonlar afg`on xalqini qo`llab-quvvatlash bo`yicha xalqaro sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish va tizimlashtirish zarurligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, Afg`onistonga insonparvarlik yordamini etkazib berishda Termiz shahrida yaratilgan ko`p funksiyali transport-logistika xabi imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi ta`kidlandi.

Afg`onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning ta`lim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari bo`yicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning o`xshashligi qayd etildi.

Afg`oniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tug`dirmasligi kerakligi alohida ta`kidlandi.

Afg`oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mamlakatda energetika va transport-kommunikasiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga kompleks yondashuvni ishlab chiqish muhimligi e`tirof etildi.

    Boshqa yangiliklar