AsosiyJamiyat

“O`zbekneftgaz” benzin narxining oshishi bo`yicha rasmiy bayonot berdi

'“O`zbekneftgaz” benzin narxining oshishi bo`yicha rasmiy bayonot berdi'ning rasmi

Rasmiy bayonotda ta`xkidlanishicha, jahon bozorida Brent markali neft narxining o`zgarishi butun dunyodagi benzin va boshqa neft mahsulotlarining narxlarini o`sishi yoki tushishiga ta`sir etuvchi muhim omil hisoblanadi. Bugungi kunda AQShda benzin rekord darajada qimmatladi, Evropa davlatlari jumladan Germaniya, Shvesiya, Niderlandiya, Islandiya, Gresiya, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Belgyada bir litr benzin narxi 2.242-2.564 AQSh dollarini tashkil etib, narxlarning oshib borishi davom etmoqda.

Misol uchun, yil boshiga nisbatan neft xom ashyosi kotirovkasi 1,3 barobarga (1 barreli uchun 115 dollar), Evropa davlatlarida AYoQShdagi benzin chakana narxi 1,2 – 2,0 barobarga oshib tarixiy antirekordlar yangilandi.

Prezident tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta`minlash uchun “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gaz, neft va gaz kondensati qazib chiqarish, neft-gaz mahsulotlarini ishlab chiqarish bo`yicha belgilangan prognoz ko`rsatkichlari ijrosi bajarilib, iste`molchilarning tabiiy va suyultirilgan gaz, neft mahsulotlariga bo`lgan talabini qondirish uchun barcha zarur choralar ko`rilmoqda. Buning uchun joylarda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Tabiiy gaz va gaz kondensiati qazib chiqarilishi yo`lida barcha kuchlar va zaxiralar safarbar etilmoqda.

Bu esa o`z navbatida, Respublikada neft va gaz mahsulotlariga, shu jumladan avtobenzin mahsulotiga, ortib borayotgan talabni qondirish hisobiga narxlarning barqarorligini ta`minlashga ijobiy ta`sirini ko`rsatadi. Butunjahonda kuzatilayotgan keskin narxi oshishi afsuski, O`zbekistondagi avtobenzin narxiga ham salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Shunga qaramay narxlar tebranishini oldini olish uchun ishlab chiqarish ko`rsatkichlari oshirilib, qayta ishlash bo`yicha yangi imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Bunda, “O`zbekneftgaz” AJ bo`yicha 2022 yilning 5 oyligida 623,9 ming tonna suyuq uglevodorodlar qazib chiqarilishi belgilangan bo`lsa, amalda 657,5 ming tonna qazib chiqarildi yoki prognozga nisbatan 105,4 foiz (o`tgan yilning mos davriga nisbatan 101,2 foiz).

Mos ravishda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida joriy yilning 5 oyligida 603,1 ming tonna uglevodorod xom ashyosi qayta ishlanishi belgilangan bo`lsa, amalda 626,1 ming tonna (prognozga nisbatan 103,8 foiz)ni qayta ishlandi (o`tgan yilning mos davriga nisbatan 107,6 foiz).

Shu bilan birga, joriy yilning 5 oyligida 353,9 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo`lsa, amalda 381,4 ming tonna ishlab chiqarildi yoki prognozga nisbatan 107,8 foizni tashkil etdi (o`tgan davrning mos davriga nisbatan 106,7 foiz).

Ma`lumot uchun: Buxoro neftni qayta ishlash zavodida amaldagi texnik-iqtisodiy asoslanishi ko`rsatkichlariga ko`ra, avtobenzin mahsuloti bo`yicha yillik ishlab chiqarish quvvati 641,0 ming tonnani tashkil etsa (5 oylik hisobda – 267,1 ming tonna), joriy yilning 5 oyligida 381,4 ming tonna (quvvatlardan foydalanish darajasi 142,8 foiz) avtobenzin mahsuloti ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda ishlab chiqaruvchilar tomonidan avtomobil benzini birja savdolari orqali realizasiya qilinadi. Bunda, “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzin mahsulotining barcha hajmlari O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasiga arzon boshlang`ich narxlarda joylashtirib kelinmoqda: 1 tonnasi uchun barcha soliqlar bilan birga 3 mln so`m (Buxoro neftni qayta ishlash zavodi omborida yuklash shartida).

Shu bilan birga, AI-80 markali avtomobil benzinining birja savdolaridagi o`rtacha narxi yil boshida 1 tonnasi uchun 7,0 – 7,3 mln so`m (1 litri uchun 5 300 – 5 500 so`m) miqdorida shakllangan bo`lsa, bugungi kunda 8,4 – 8,7 mln so`m (1 litri uchun 6 300 – 6 500 so`m) miqdorida shakllanmoqda.

Ma`lumot uchun: Toshkent shahridagi yirik AYoQShlarda 1 litr AI-80 markali avtobenzin narxi quyidagicha kuzatilmoqda: UNG Petro – 6 800 so`m, IBR, Miss, Poytaxt Oil – 6 800 so`m, Mustang – 6 900 so`m, LUK Oil – 6 990 so`m, Intran servis – 7 000 so`m, TAT neft – 7 400 so`m.

    Boshqa yangiliklar