1

Rishtonda “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko`rgazma-savdosi” o`tkaziladi

Jamiyat 27.05.2022, 16:00
Rishtonda “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko`rgazma-savdosi” o`tkaziladi

Turizm va madaniy meros vazirligining xabar berishicha, 2022 yilning sentyabr oyida Farg`ona viloyatining Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko`rgazma-savdosi” bo`lib o`tadi. Mazkur tadbir Prezidentning 2021 yil 23 avgustdagi “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko`rgazma-savdosini o`tkazish to`g`risida”gi  5229-sonli Qaroriga muvofiq tashkil etilmoqda.

Forumning maqsadi jahon iqtisodiyotida muhim tarmoq hisoblangan hunarmandchilikni keng targ`ib qilish, hunarmandchilikning asosiy yo`nalishlaridan biri bo`lgan kulolchilik an`analari va maktablarini saqlash, sohadagi ilmiy izlanishlar ko`lamini kengaytirish, o`zaro tajriba almashish, yangi ish o`rinlarini yaratish va iqtidorli hunarmandlarni rag`batlantirishdan iboratdir.

“Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko`rgazmasi” doirasida “An`anaviy kulolchilikni saqlash va uni rivojlantirish: muammo va echimlar” ilmiy-amaliy konferensiyasi, kulolchilik mahsulotlari ko`rik-tanlovi, xorijiy va mahalliy ustalarning mahorat darslari, xalq sayillari, konsert dasturlari, ko`rgazmalar, kulolchilikka oid badiiy va hujjatli filmlar namoyishlari, ustaxonalarga ekskursiyalar va boshqa ko`plab tadbirlar o`tkaziladi.

Forum yakuniga ko`ra, g`olib va sovrindorlar taqdirlanadi.

Tadbir tashkilotchilari – Farg`ona viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Kinematografiya agentligi va Badiiy akademiya.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1