AsosiyJamiyat

AQShdan insonparvarlik yuklari ortilgan navbatdagi to`rtta konteyner Qoraqalpog`istonga yuborildi

'AQShdan insonparvarlik yuklari ortilgan navbatdagi to`rtta konteyner Qoraqalpog`istonga yuborildi'ning rasmi

AQShdan tibbiy jihozlardan iborat katta hajmdagi navbatdagi insonparvarlik yuklari iyun oyida Qoraqalpog`istonga etib keladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Xabarda aytilishicha, gumanitar yuklarni jo`natish AQShda joylashgan "Project C.U.R.E."  xayriya tashkiloti tomonidan O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ko`magida amalga oshirilmoqda.

Umumiy og`irligi 16,8 tonna bo`lgan 2,9 ming dona tibbiy buyumlarni o`z ichiga olgan to`rtta konteyner iyun oyida Qoraqalpog`iston sog`liqni saqlash tashkilotlariga topshiriladi.

Elchi Javlon Vahobov tomonidan loyiha prezidenti Duglos Jekson bilan 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalarini etkazib berish bo`yicha ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida Orolbo`yi mintaqasidagi tibbiy jixozlarga eng ko`p ehtiyoj sezayotgan 24 ta tibbiyot muassasalari ro`yxati shakllantirilgan.

"Project C.U.R.E." xayriya tashkilotining xalqaro hukumatlar bilan ishlash bo`yicha prezidenti Melisa Epostining aytishicha, to`rtta konteyner AQShdan Evropaga dengiz orqali jo`natildi. Amerika tomonining so`zlariga ko`ra, yuklar dastlab Gruziyaga olib boriladi, shundan so`ng quruqlik orqali Nukus shahriga etkaziladi.

Elchixona ma`lumotlariga ko`ra, to`rtta konteynerdan UZI apparati va uskunalari, ventilyatorlar, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tug`ilgan chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, defibrilatorlar, laboratoriya moslamalari, kislorod ballonlari, bemorlarni tashishga mo`ljallangan aravachalar, nafas oldirish apparati, jarrohlik stollari uchun to`shamalar va boshqa tibbiy buyumlar  o`rin olgan.

"Project C.U.R.E." nodavlat notijorat tashkiloti 1987 yilda tashkil etilgan bo`lib, u rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar etishmovchiligini bartaraf etishda ko`mak ko`rsatadi. NNT AQShning 6 shtatida o`zining yirik tarqatish markazlariga ega. Yiliga 40 futlik 200 tadan ortiq konteyner shakllantiriladi. Ularning har birida o`rtacha 300 ming dollarlik tibbiy asbob-uskunalar jamlanadi. Mazkur xayriya tashkiloti hozirgi kunda jahondagi 135 mamlakatda insonparvarlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

2021 yil may oyida Qoraqalpog`iston shoshilinch tibbiy yordam markazlari "Project C.U.R.E." loyihasi doirasidagi dastlabki ikkita konteynerdan iborat  insonparvarlik ko`magini qabul qilib olgan edi.

    Boshqa yangiliklar