1

"Moda"ga aylanayotgan oshqozon kichraytirish operasiyasi najotmi yoki?..

Salomatlik 31.05.2022, 22:16
"Moda"ga aylanayotgan oshqozon kichraytirish operasiyasi najotmi yoki?..

Oshqozon kichraytirish o`zi qanday amaliyot?

Shuhrat HAShIMOV, 30 yillik tajribaga ega oliy toifali jarroh:

  • Oshqozon kichraytirish jarrohlik amaliyotining tibbiy nomi — bariatriya (metabolik jarrohlik) bo`lib, bu Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan semirish va qandli diabetni davolash uchun tavsiya etilgan. Bariatrik jarrohlikdan so`ng bemorlar sezilarli va tez vazn yo`qotishadi.
  • Bugun bu amaliyotni "mutlaqo xavfsiz" deya olamizmi? 
  • Shuni ta`kidlash kerakki,bariatrik operasiya qilish to`g`risida qaror sizning hayotingizni tubdan o`zgartiradigan tanlovdir. Jarrohlik amaliyotidan keyin inson to`yinishi uchun oz miqdordagi oziq-ovqat etarli bo`ladi. Vazni o`ta og`ir bemorlarda bu amaliyotning xavfsizligi bevosita jarroh tajribasi va iqtidoriga, ishlatilayotgan asboblar sifatiga va bemor operasiya bo`layotgan shifoxona jihozlanishiga bog`liq. Bariatriatrik jarrohlik amaliyotidagi xavf boshqa rejali operasiyalar bilan bir xil bo`lib, buni oddiy appendisit yoki xolesistit bilan teng, deyish mumkin. Bariatrik operasiyalardan keyin kelib chiqishi mumkin bo`lgan asoratlar xavfi yuqori emas(2-5% operasiya turiga qarab). 

Bariatriya nafaqat semirishni davolaydi. Ovqat hazm qilish traktini tuzatish va kuchli vazn yo`qotish tufayli semirish bilan bog`liq ko`plab jiddiy kasalliklarga ham barham berishi mumkin. Masalan, qandli diabet, yuqori qon bosimi, bo`g`imlardagi og`riqlar, yurak xastaligi kabilar shular jumlasidan...

—Agar jarrohlik amaliyotidan keyin homilador bo`lsa, ushbu davr qanday kechadi?

— Ushbu amaliyotni boshdan kechirgach, homiladorlikni rejalashtirishni tana vazni me`yorlashtirguncha kutish maqsadga muvofiq.Ya`ni operasiyadan 1-2 yil o`tgandan keyin. Vazn tushish vaqtida bemorlarda energiya etishmovchiligi hisobiga homiladorlik og`irroq kechishi mumkin.

Ilmiy izlanishlar natijasiga ko`ra,oshqozon kichraytirish jarrohlik amaliyotidan so`ng 100 foiz bemorlarda menstrual disfunksiya yo`qoladi.  78% holatda tuxumdon polikistozi tuzaladi. Homilador bo`lish ehtimoli 56% ga oshadi. 

Albatta farzand uzoq kutilgan bo`lsa,homiladorlikdan voz kechish kerakmas, mutaxassislar kuzatuvida tug`ish mumkin. Bizning tajribada ikkibemorda operasiyadan keyingi birinchi 6 oylikda homiladorlik bo`lgan va ikkala ona ham, bolalar ham sog`-salomat. 

BOShIDAN O`TKAZGANLAR FIKRI...

Ijtimoiy tarmoqlarda ayni shu masalada kichik so`rovnoma o`tkazdik. So`rovnomamizda ana shu amaliyotni boshidan kechirganlar aholi vakillari ismini sir saqlash sharti bilan fikrlarini bildiriishdi.

“Operasiya juda yaxshi o`tgan, lekin...”

“Men bu jarrohlik amaliyotini qo`llaganimni sir tutganman, omma oldida aytolmayman. Operasiya juda yaxshi o`tgan, lekin boshida aybdorlik hissi meni qiynadi. Kelajakda nima bo`ladi, bilmayman, ammo ochko`zlik hissi yo`qolib oz ovqatga qanoatlanish paydo bo`lgan. Bosh aylanish, allergiya, qon bosimim ko`tarilishlari to`xtadi. O`zimda kuchli energiyani his qilyapman.”

“Ovqat egandan keyin oshqozonimga yordamlashaman...”

“Ijobiy tomonlari ko`p, faqat ozgina noqulaylik bor. Menimcha bu oddiy apendisit amaliyotida ham bo`lsa kerak. Kelajakdagi asoratlar haqida nimadir deyolmayman. Ovqat egandan keyin salgina bo`lsa ham o`tirolmiy qolish kuzatilyapti. Biroz turib, yurib engil harakatlar qilib ovqatni hazm qilishda oshqozonimga yordamlashaman. Yana bir salbiy jihati kekirish. Qolaversa, qornim kuchli dam bo`ladi...»

Ozish uchun aynan mana shu usulni qo`llaganlar orasida xonanda Feruza Jumaniyozova, Shanoza Otaboeva, aktrisa Zuhra Solieva, Muyassar Berdiqulova va yana bir qancha siz tanigan mashhurlar bor.

“Bu jarrohlikni chiroy uchun qilmadim, sababi...”

Feruza JUMANIYoZOVA, xonanda: – Ko`pchilik bariatrik jarrohlik amaliyotini chiroy uchun qildi, deb o`ylashadi. Ammo bu salomatligimni tiklashim uchun ham zarur edi. Salomatligimda o`zgarish bo`lganini hech qachon yashirmayman. Qomatdagi o`zgarish ham faqat insonning ishtahasi bilan emas, balki sog`lig`i bilan ham bog`liq bo`lishi mumkin.

“Shifokorlar ogohlantirgan edi, chunki menda...”

Zuhra SOLIEVA, aktrisa: – Semirish har doim ham ovqat ko`p iste`mol qilishdan yuzaga kelmaydi. Bir necha yil avval shifokorga murojaat qilganimda, menda garmon buzilishi sodir bo`layotganidan ogohlantirgan edi. Shu bois menga jarrohlik amaliyotini tavsiya qilishdi. Ayni karantin davri kuchaytirilgan paytda uydan chiqmay, kuniga 7-8 soat jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullandim. Eng alam qilgani, bir gramm ham vazn yo`qotmadim. Keyin bilsam, bu xastalikning sababi boshqa ekan. Tekshiruvlardan so`ng kamida qirq kilogramm vazn tashlashim kerakligini aytishdi. Oshqozonni kichraytirish operasiyasidan keyin ilk oyda 15 kilo vazn tashladim. Hozir qanchalik xursandligimni tasvirlab berolmayman. Chunki avvalgi kiyimlarimga ikkinchi Zuhra bemalol sig`adigan natijaga erishdim.

GASTROENTEROLOGNING IZOHLAShIChA...

Gulnoza OChILOVA,25 yillik tajribagan ega oliy toifali gastroenterolog:

  • Hozirda bu jarrohlik amaliyotiga qiziqish, talab yuqori. Ammo bu amaliyotning salbiy ta`sirlarini oddiy tilda tushuntirsam, birinchi navbatda inson tanasida oshqozon tikka turishi kerak emas, oy shaklida yotgan holatda bo`lishi lozim. Jarrohlik amaliyotida esa oshqozonning aynan yotgan qismi kesiladi. Va natijada oshqozon tikka holatda turib qoladi. Ya`ni oshqozon to`g`ridan to`g`ri ichakka ulab qo`yiladi. Yigirma besh yillik tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, bir necha yildan so`ng asoratlar baribir kelib chiqadi. Biroz ko`proq ovqat esa jig`ildon qaynaydi yoki yurak o`ynab ketadi. Maqtarli joyi shundaki, juda ham semirib, o`z vaznini boshqara olmaydigan odamlar uchun hayotini boshqatdan yo`lga qo`yishlari uchun imkoniyat. Ammo jarrohlik amaliyotida avval mijozning yoshi, uning jigar, yurak faoliyatlarini yaxshilab tekshirish kerak. Jarrohlikning yaqinva uzoq davrdagi asoratlari bo`lishi shubhasiz. Yaqinasoratlariga aytish mumkinki, qon ketib qolishi, atrofdagi qon tomirlarga shikast etishi mumkin.  Operasiyadan so`ng olti oy, bir yil o`tgach ham oshqozon yana kengayib ketishi hech gap emas. Bundan hech kim qochib qutulolmaydi. 

Bilasizmi, bu amaliyotda insondan katta iroda ham talab qilinadi. Hamma ham kam-kamdan, tez-tez eyish, bir piyolagina taom iste`mol qilish, ko`proq yurish, ovqatdan so`ng o`tirmaslik, jig`ildon qaynash kabi holatlarga dosh bera olmaydi. Bundan tashqari oshqozonning shilliq qavatida yaxshi so`riladigan vitamin B 12, D 3 bo`ladi. Jarrohlik amaliyotini qo`llaganlarda esa aynan mana shu vitaminlar kamayib ketadi. Insonlar jarrohlik amaliyotini o`tkazishdan avval aynan mana shu asoratlarni bilib qo`yishi kerak. 

Shifokor sifatida aytadigan gapim shuki, vazningizni shu qadar nazorat qila olishingiz qiyin bo`lsa, marhamat, bu amaliyotni qo`llang. Ammo butun umr dorilarga, vitaminlarga bog`lanib qolishingizni, “yana semirib ketsam-chi” degan qo`rquv miyaga kelishini unutmang. 

Bir narsani ishonch bilan ayta olaman, bu jarrohlik amaliyotidan keyin insonlar erkinligini yo`qotib, doimiy ravishda qo`rquvda yurishadi! Eng avvalo ruhiyatingizni to`g`irlang va iloji boricha tabiiy yo`llar bilan ozishga harakat qiling. 

Biz iloji boricha sog`lom fikrlarni va soha vakillarini izohlarini hukmingizga havola qildik. Albatta tanlov hammaning o`zida. Ushbu jarrohlik amaliyotiga qo`l urishdan avval xalq maqolida aytilganidek, etti o`lchab bir kesishni tavsiya qilamiz! 

Mohigul DIYoRXO`JAEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1