AsosiyMutolaa

"Soxta mehri bilan onamni aldayotgan odamni qanday fosh qilay?"

'"Soxta mehri bilan onamni aldayotgan odamni qanday fosh qilay?"'ning rasmi

Doim onamga yangi telefon olib berishni istardim. Turli tarmoqlardan foydalanib, yangiliklardan xabardor bo`lishlarini, yaqinlari bilan oson va qulay xabarlashishlari kerakligini aytardim. Shunday bo`ldi ham. Onamga telefon sovg`a qilib, ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy sahifa ochib berdim. Ko`p o`tmay “sinfdoshlar”, “kursdoshlar” guruhlariga qo`shilib, u erda maktab va oliy dargohdagi do`stlari bilan yozishib turishni boshladilar. Bundan juda xursand edim. Ammo oxirgi uch oyda onamning ruhiyatida o`zgarishni payqadim. Qo`l telefonini yashiradigan, “SMS” kelsa, hayajonlanadigan odat chiqargan onamdan xavotirlandim. Xavotirlarim bejiz emas. Chunki onam tabiatan juda sodda va beg`ubor ayol. Hamma narsaga ishonib, umid bilan qaraydigan odati yo`q emas. 

—  Oyi, sizga nima bo`ldi? Hammasi joyidami? — dedim ko`nglini ochishga urinib.

—  Ha, yaxshi bolam, shunchaki, ahamiyat berma…

Ammo men ahamiyat bermay, bu ishni shunday tashlab qo`ya olmasdim. Garchi madaniyatsizlik bo`lsa ham, onamning shaxsiy telefonini titkiladim. Telefoniga hatto kod qo`yishni bilmaydigan onamning shaxsiy sahifalarini tekshira boshladim. Va men qo`rqqan narsam bilan yuzlashdim. Onamning hayotiga yangi inson kirib kelgan edi. Mehrga boy xabarlarni ko`rib o`zimni qo`yarga joy topolmay qoldim. Soddagina onajonimga yozilgan ishqiy maktublar meni tamomila aqldan ozdiray dedi. Avvaliga sir boy bermadim. Lekin bo`lmadi, chiday olmadim. 

—  Men hammasini bilaman, oyi!

Oyim menga bir muddat qarab turdi-da, o`zini hech narsani tushunmaganga oldi. 

—  N-nimani bilasan, o`g`lim?

—  Hayotingizda kimdir bor, shundaymi?

—  N-nima? !

—  Keragi yo`q, tan olavering, iltimos, men qo`l telefoningizdagi xabarlarni o`qidim. Qaysidir sinfdoshingiz sizga xushomad qilayotgan ekan. 

—  Nima?! — oyimning ko`zlari yoshlandi. — Mening shaxsiy qo`l telefonimni titishga nima haqqing bor? Axir men onang bo`la turib, sening xatlaringni o`qimayman-ku.

—  Noto`g`ri ish qilganimni bilaman. Lekin siz-chi? Buni qanday tushunish mumkin?

—  Sen bilan bu haqida gaplashishni istamayman! — xonadan chiqib ketishga shaylandi.

—  Oyi, qocholmaysiz, savolimga javob berishga majbursiz! — onamning yo`lini to`sib, asabiylasha boshladim. 

—  Men hech narsaga majbur emasman. 

—  Oyi, men sizni o`ylab gapiryapman. O`sha sinfdoshingizning niyati nima ekanligini qaerdan bilasiz? Balki u uyimizga ega chiqmoqchidir, balki dadamdan qolgan mashinani mo`ljallayotgandir…

—  Bu gaping bilan nima demoqchisan? Oyingga faqat uy-joyi, mashinasi uchun yaxshi muomala qilishadimi? Oying sof mehrga arzimaydimi?!

—  Qo`ysangiz-chi, oyi. Sof mehrni beraman, desa, bu odamga ko`chada yosh qizlar to`lib yotibdi-ku, qirqdan oshgan ayolni boshiga uradimi?..

Gapim tugamasidan yuzim tarsaki zarbidan lovullab ketdi. Qarshimda yig`lab turgan onamni ko`rib jahlda ortiqcha gapirib yuborganimni bildim. Ana o`sha kundan buyon onam men bilan deyarli gaplashayotgani yo`q. Bilaman, bolalar ota-onalarining hayotlarini muhokama qilishga haqsizlar. Lekin men onamni himoya qilishga urinyapman, xolos. Munosabatlarimizga putur etkazayotgan o`sha kishini surishtirdim. Ikki marta turmush qurib, ajrashgan ekan. Ikkinchi xotinining uyida ichkuyov bo`lib o`n yil yashabdi. Xo`sh, shunday insondan yaxshilik kutish mumkinmi? Bundan tashqari, onamga yozgan xabarlarida ham samimiylikdan asar yo`q. Hammasi lo`ttibozlarcha aytilgan maqtov so`zlar. Xullas, men necha yillardan keyin paydo bo`lib qolgan “oshiq” sinfdoshga ishonmayapman. Sodda onam esa u bilan turmush qurish qaroriga kelishi ham hech gap emas. Hattoki, onamning boshqa sinfdosh dugonalari bilan ham gaplashib ko`rdim. Ular men taraf. 

—  Bu odamga umuman ishonch yo`q. To`g`ri, orada qancha suvlar o`tdi, yillar uni o`zgartirgan bo`lishi mumkin. Ammo biz bilgan odam ayyor va “Alfons”.

—  Onam sizlarga u haqida jiddiy qarori bor yoki yo`qligini aytganmi?

—  Oxirigacha ochilmadi-yu, lekin shunday niyati yo`q emasligini sezdirib qo`yyapti.

Endi o`zimni yanada ko`proq eyapman. Balki hozir hamma xavotirlarimni rashkka yo`yayotgandirsiz. Lekin ishonchim komil, bu masala faqatgina rashkka taqalmagan. Yuragim bir yomon ishni tuygani uchun ham tipirchilayapman. Menga bu borada to`g`ri maslahat berishingizga ishonaman. Iltimos, yo`l ko`rsatinglar. Yoki o`sha odam bilan uchrashib, gaplashib olsammikan? Yoki ortidan kuzatib, uni fosh etsammikan? Nima qilishga hayronman, boshim qotgan…

Mohigul DIYoRXO`JAEVA yozib oldi
(Fotokallajdagi qahramonlar "Sevimli" telekanalining "Taqdirlar" telenovellasidan olindi.)

    Boshqa yangiliklar