1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi “Next” savdo-ko`ngilochar majmuasida “Mo`jizalar karvoni” festivali o`tkaziladi.
Turizm va madaniy meros vazirligi, “Next” savdo-ko`ngilochar majmuasi tomonidan boshqa hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan festival doirasida xayriya tadbirlari, konsert va ko`rgazmalar kabi qator tadbirlar o`tkaziladi.
Festivalning asosiy maqsadi bolalarning ijodiy qobiliyatlarini kashf qilish va qo`llab-quvvatlashga yo`naltirilgan.
“Mo`jizalar karvoni” festivali doirasida O`zbekistonning figurali uchish bo`yicha yoshlar terma jamoasi ishtirokida “Mo`jizalar karvoni” muz shousi, “Quvonch do`koni” aksiyasi o`tkaziladi, unda xohlovchilar bolalar kitoblarini va yumshoq o`yinchoqlarni sovg`a qilishlari mumkin. Tadbirda O`zbekistonning bolalar bilan bog`liq xayriya amallariga ixtisoslashgan jamg`armalar va nodavlat notijorat tashkilotlari taqdimoti o`tkaziladi.
Bolalarni kasblar bilan tanishtirish uchun turli kasblarga oid stansiyalar ishlaydi. Sog`lom turmush tarzining eng yosh ixlosmandlari uchun alohida mashg`ulotlar bo`ladi: bolalar yogasi va zumbasi.
Festivalda bolalar uchun katta musiqiy bayram – “Tantana” vokal va estrada guruhining shou-konserti bo`ladi.
“Mo`jizalar karvoni” festivali bayram salyuti bilan yakunlanadi.






