Bugungi kunda Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tomonidan import mahsulotlar hajmini va tarkibini optimallashtirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta`kidlash joizki, Agentlik O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 noyabrdagi PF-5229-sonli “Farmasevtika tarmog`ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bilan tashkil etilgan. Ushbu hujjatga asosan Agentlik faoliyatini samarali tashkil etishni ta`minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 18 dekabrdagi 993-sonli “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Nizomga ko`ra, Agentlik zimmasiga farmasevtika bozori kon`yukturasini o`rganishni tashkillashtirish, uning asosida ichki bozorni yanada to`ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo`yicha takliflarni ishlab chiqish, etakchi xorijiy farmasevtika korxonalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishda farmasevtika mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlarida raqobatdosh, yuqori sifatli yangi turlarini ishlab chiqarishni o`zlashtirishda tarmoq korxonalariga ko`maklashish hamda import qilinayotgan va respublika hududida ishlab chiqarilayotgan farmasevtika mahsulotlari to`g`risida to`liq axborot yig`ishni ta`minlovchi Farmasevtika mahsulotlari harakatini nazorat qilish va hisobga olish axborot tizimini shakllantirish vazifalari belgilangan.
Shu bilan birga Agentlik tomonidan Prezidentning 2019 yil 30 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi farmasevtika tarmog`ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4554-son qarori bilan tasdiqlangan 2020-2024 yillarda O`zbekiston Respublikasining farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish konsepsiyasi izchil bajarilib kelinmoqda. Uning doirasida Agentlikda 2021 yil yakunlari bo`yicha sezilarli natijalarga erishildi.
Jumladan, ishlab chiqarish tizimida mahalliy korxonalar tomonidan umumiy qiymati 3,6 trln.so`mlik farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarildi va ishlab chiqarish hajmi 2020 yilga nisbatan 29 foizga o`sdi. Farmasevtika mahsulotlarini ekspertizadan o`tkazish va standartlashtirish borasida 3 665 nomdagi mahalliy farmasevtika mahsulotlari davlat ro`yxatidan o`tkazilgan. Shulardan 3 184 tasini dori vositalari, 386 tasini tibbiy buyumlar va 95 tasini tibbiy texnika vositalari tashkil etadi. 2022 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, respublikamizda 221 ta farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyat ko`rsatmoqda. Ulardan 91 tasi dori vositalari, 32 tasi tibbiy texnika, 90 tasi tibbiy buyumlar va 8 tasi dori vositalari hamda tibbiy buyumlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Shu bilan birga, 140 ta dorixonalarda muayayyan turdagi dori vositalari tayyorlanib kelmoqda. Bundan tashqari, Agentlik tizimida 616 ta ulgurji realizasiya bilan shug`ullanadigan tashkilotlar va 15 790 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizasiya qilish faoliyati bilan shug`ullanuvchi dorixonalar va ularning filiallari mavjud.
Bugungi kunda tibbiyot amaliyotida qo`llanishga ruxsat etilgan va savdo nomi, dozasi, shakli hamda qadoqdagi sonini hisobga olgan holda Uzpharminfo.uz axborot tizimiga kiritilgan dori vositalarning umumiy ro`yxati 32 989 tani tashkil etadi. 2020 yildan hozirga qadar 10 023 ta dori vositalarining cheklangan, ulgurji va chakana narxlari kayd etildi. Shundan, mahalliy dori vositalari 2 951 tani, xorijiy (import) dori vositalari 7 072 tani tashkil etadi.
Sohada investisiya dasturiga kiritilgan 36 ta investision loyihalar doirasida 2021 yil 97,5 mln. dollar investisiya mablag`lari (shu jumladan, 31,7 mln. doll. to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar) o`zlashtirildi, bu esa rejaga nisbatan 100 foizni tashkil etdi. E`tiborlisi, umumiy qiymati 70,7 mln. dollarlik 13 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 862 ta yangi ish o`rinlari yaratildi.
2021 yilda umumiy qiymati 70,2 mln. dollarni tashkil etuvchi farmasevtika mahsulotlari va xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Natijada belgilangan reja prognozga (40 mln. doll.) nisbatan 175,5 foizga bajarildi. Bundan tashqari, respublika hududiga umumiy qiymati 1,26 mlrd. dollarni tashkil etuvchi dori mahsulotlari import qilingan.
Prezidentning 2022 yil 21 yanvardagi “2022-2026 yillarda respublikaning farmasevtika tarmog`ini jadal rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PF-55-sonli Farmoniga binoan O`zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida mamlakatda dori vositalari ishlab chiqarishni 3 baravarga oshirish vazifasi qo`yilgan. Bu borada yanvarda besh yillik dastur ham qabul qilindi.
Jumladan, ushbu Farmonning 4-bandi “b” kichik bandining 4-xat boshiga binoan, xalqaro brendlar asosida farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda mavjud quvvatlardan to`liq foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida tarkibi bir xil bo`lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar bekor qilindi. Farmonning 4-bandi “v” kichik bandining 4-xat boshiga binoan, 2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmasevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro`yxatdan o`tkazish harajatlarining 75 foizi ular ro`yxatdan o`tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so`ng Farmasevtika tarmog`ini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg`armasidan qoplab berilishi joriy etildi.
Shu bilan birga, Agentlikda sifatli va arzon dori vositalarini etkazib berish masalalariga e`tibor sezilarli darajada kuchaytirildi.
Joriy yilning 1 iyulga qadar talab yuqori bo`lgan 120 turdagi dori vositalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yillik muddatga kafolatli xarid qilish bo`yicha shartnomalar tuzish yuzasidan mahalliy ishlabchiqaruvchilar Sog`likni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda tegishli ishlarni olib borishmoqda.
Xulosa o`rnida ta`kidlash zarurki, ushbu chora-tadbirlarning ijrosiga erishish natijasida joriy yilning yakuniga qadar yurtimizda 3,95 trln so`mlik farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarilishini ta`minlash vazifasi belgilangan.






