1

Mirziyoev BAAning Hukumat ishlari bo`yicha vazirini qabul qildi

Siyosat 10.06.2022, 19:57
Mirziyoev BAAning Hukumat ishlari bo`yicha vazirini qabul qildi

Bugun O`zbekiston etakchisi Shavkat Mirziyoev Birlashgan Arab Amirliklarining Hukumat ishlari bo`yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O`zbekiston va BAA o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko`rib chiqilgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoev matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Vazir Muhammad al-Gargaviy O`zbekiston rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazgan.

Birlashgan Arab Amirliklari hukumati O`zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar dasturini har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani, uning samarali ro`yobga chiqarilishida zarur ko`makni ko`rsatishga tayyorligi ta`kidlangan.

Ma`lumot uchun, keyingi yillarda O`zbekiston-BAA munosabatlari jadal rivojlanib bormoqda. Tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari va investisiyalar hajmi o`smoqda. Jumladan, joriy yil boshidan o`zaro savdo ikki barobarga ko`paydi, O`zbekistonda 45 ta yangi qo`shma korxona tashkil etildi.

Shuningdek, iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surish bo`yicha ta`sirchan tizim asosida Amirliklarning etakchi kompaniya va tashkilotlari ishtirokida investisiyalar hajmi qariyb 3 milliard dollar bo`lgan 17 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo`nalishlarda qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muzokaralar chog`ida davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish borasidagi, “Bir million dasturchi” dasturi va Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar akseleratori faoliyati doirasidagi hamkorlikning amaliy natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Innovasiyalar va sun`iy intellekt sohalarida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va zamonaviy kadrlarni tayyorlash yuzasidan muloqotni kengaytirishga kelishib olingan.

Qabul qilingan qarorlar va uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni to`liq amalga oshirish bo`yicha qo`shma “yo`l xaritasi” qabul qilinishi ta`kidlanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1