“O`zbekiston Respublikasi fuqaroligiga xorijga chiqish biometrik pasportini berishga doir davlat xizmati ko`rsatish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, O`zbekistonning chet davlatlardagi konsullik muassasasida konsullik ro`yxatida turuvchi O`zbekiston fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishga oid davlat xizmatlarini ko`rsatish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish va berish tizimi quyidagi axborot tizimlariga integrasiya qilinadi:
▫️“FHDYoning yagona elektron arxivi” axborot tizimiga – nikoh va oila a`zolari, vafot etganlik, yolg`iz ona yoki yolg`iz ota haqidagi ma`lumotlarni olish uchun;
▫️“Notarius” axborot tizimiga – vasiylar va ota-onalarning roziligini, hamrohlik qiluvchi shaxsning majburiyatini tekshirish uchun;
▫️“Tezkor ma`lumotlar” axborot tizimiga – sudlanganlik, ma`muriy nazoratda turganlik, shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan va shartli hukm qo`llanilganlik, jinoyat ishi qo`zg`atilganlik holatlarini tekshirish uchun;
▫️“Manzil” axborot tizimiga – ota-onadan birining O`zbekiston hududidagi doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxati xorijga doimiy yashashga ketganligi munosabati bilan bekor qilinganligini tekshirish uchun;
▫️“Yagona milliy mehnat tizimi” axborot tizimiga – oxirgi 5 yilda ishlagan joyi haqidagi ma`lumotlarni olish uchun;
▫️“Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga – ushbu axborot tizimida ro`yxatga olingan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun;
▫️“TIEK” axborot tizimiga – I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslar toifasiga aniqlik kiritish uchun.
2022 yil 1 avgustgacha davlat xizmati YaIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali ko`rsatililishi amaliyotga to`liq joriy qilinadi.
YaIDXPda davlat xizmatlari ko`rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko`rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, davlat xizmatlari ko`rsatilganligi uchun to`langan davlat boji summasi hisobini yurituvchi yagona billing tizimi orqali elektron to`lanishi imkoniyati yaratiladi.