Xabaringiz bor, shu kunlarda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi fuqarolar uchun Toshkent shahrida EPS-Topik test imtihonlari bo`lib o`tmoqda.
Test imtihonlarini adolatli o`tkazish uchun Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmati bilan hamkorlikda barcha texnik va tashkiliy choralar ko`rilgan.
Xususan, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati tomonidan test o`tkazish uchun maxsus planshetlar keltirilgan bo`lib, ushbu planshetdagi test savollari ishtirokchi qiyofasi avtomatik tarzda aniqlangandan keyin ochilishi (Face ID) tizimi ham joriy etilgan.
Shunga qaramay, bugungi kunga qadar boshqa fuqaro o`rniga testga kirish va testda qo`shimcha vositalardan foydalanishga urinish bilan bog`liq 23 ta holat aniqlangan.
Ta`kidlash joiz, Inson resurslarini rivojlantirish xizmati talablariga muvofiq, test imtihoni qoidalarini buzgan fuqaro 3 yil davomida ushbu imtihonda qatnashish imkoniyatidan mahrum bo`ladi hamda qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkin.
"Shu munosabat bilan, fuqarolarni imtihon jarayonida barcha tartib-qoidalarga rioya qilishga chaqiramiz" deyiladi xabarda.






