Buyuk Britaniya olimlari “omikron” shtammi bo`yicha tadqiqot o`tkazdi. Ma`lum bo`lishicha, kasallanishdan kamida olti oy avval koronavirusga qarshi to`liq bosqichda emlangan odamlarda xastalik engil kechadi va asoratlar tezroq bartaraf bo`ladi. Bu haqda SSV xabar bermoqda.
Buning uchun 100 ming nafarga yaqin kishi so`rovnomada ishtirok etdi. To`plangan ma`lumotlar tahlili shuni ko`rsatadiki, “delta” shtammi asoratlari “omikron”ga nisbatan 2,4 baravar uzoqroq davom etishi mumkin.
Masalan, “omikron” to`lqini avj olgan 2021 yil 20 dekabrdan shu yil 9 martgacha bo`lgan davrda so`rovnoma qatnashchilaridan 56 mingdan ziyodida koronavirus aniqlangan.
Undan avvalroq, ya`ni “delta” keng tarqalgan davr — o`tgan yilning 1 iyunidan 27 noyabrigacha bo`lgan oraliqda esa 41 ming 361 kishi ushbu mutasiyadan aziyat chekkan.
Mutaxassislar kasallikning o`tkir bosqichida to`rt haftadan ko`proq vaqt o`tib, charchoq, bosh og`rig`i, yurak faoliyati buzilishi bilan bog`liq alomatlar kuzatilgan bemorlarni uzoq davom etadigan koronavirusni boshdan kechirganlar toifasiga qo`shishdi.
Tadqiqot natijalari faqat kattalar va emlangan odamlarga tegishli. Vaksina olmagan qatlam va bolalarga doir ma`lumotlar esa hozircha etarli emas!
O`rganishlar natijasiga ko`ra, “omikron”ga chalinganlarning 4,5 foizida xastalik asoratlari uzoq davom etgan bo`lsa, “delta”da bu ko`rsatkich 10,8 foizga teng.
Ekspertlar fikricha, bu tadqiqot jamoatchilik tomonidan noto`g`ri talqin qilinmasligi kerak. Chunki “omikron”ning qariyb 5 foiz holatda davomli asoratlarni keltirib chiqarishi ham aslida xavotirlidir.