O`zbekistonda «Yoshlar va kino» haftaligi boshlandi

Madaniyat 28.06.2022, 18:15
O`zbekistonda «Yoshlar va kino» haftaligi boshlandi

27 iyunda  Toshkentda,  Kinochilar uyida O`zbekistonda 30 iyun kuni nishonlanadigan Yoshlar kuniga bag`ishlangan «Yoshlar va kino» haftaligi boshlandi.

“Yoshlar va kino” haftaligi Hilol Nasimovning “Vatan ostonasi” filmi namoyishi va suratga olish guruhi bilan ijodiy uchrashuvdan boshlandi.

Haftalik doirasida “Kim deyay seni”, “Matonat maktabi”, “Talvasa”, “Quyosh ta`mi”, “Muhabbat bahori”, “101 reys”, “Parining sovg`asi” kabi filmlarni, shuningdek yosh kinomatografistlar tomonidan,   «Debyut – 2020» va «Debyut start – 2021» loyihalari doirasida  suratga olingan qisqa metrajli badiiy filmlarni  namoyish etish rejalashtirilgan.

Kinofilmlarni tomosha qilish barobarida, «Yoshlar va kino» Haftaligi iqtidorli yoshlarni qo`llab-quvvatlash, ularni kinoloyihalarga jalb etishga qaratilgan ma`rifiy tadbirlar, tanlovli loyihalarga boy bo`ladi.

Shu tariqa O`zbekiston Kinematografiya agentligi, “Yoshlik kinostudiyasi” DUK, Kinematografiyani rivojlantirish Milliy markazi ko`magida, joriy yilda yosh kinoijodkorlar amalga oshirishni boshlaydigan kinoloyihalarning kastingini o`tkazish rejalashtirilgan.

XIV Toshkent xalqaro kinofestival doirasida bo`lib o`tadigan “Besh kunda - kino” xalqaro tanlovi uchun ijodiy ishlar taqdimoti, “O`zbekmultfilm” kinostudiyasi faoliyati va vazifalari taqdimoti, Toshkentdagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining filialida, institut faoliyati bilan tanishishga qaratilgan.

“Ochiq eshiklar kuni” ham rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, yosh kinoijodkorlar uchun “Sahnalashtirish san`ati”, “Operatorlik san`ati”, “Kinoda ifodali echimlar”, “Rejissor nigohi”, “Kinematografiyada grimning roli” kabi yo`nalishlar bo`yicha mahorat darslari o`tkaziladi.

Haftalikning eng asosiy tadbirlaridan biri  2022 yilda talabalarni kinoloyihalarga jalb etish bo`yicha Kinomatografiya agentligi va oliy ta`lim muassasalari o`rtasida hamkorlik shartnomalarini imzolash marosimi bo`ladi.

Haftalikning kulminasion  tadbiri  “YaNGI O`ZBEKISTONDA INSON QADRINI ULUG`LASh!” shiori ostidagi professional yosh kinoijodkorlarga mo`ljallangan  loyiha g`oliblarini diplom bilan taqdirlash hamda mahorat darslari g`oliblariga sertifikat va esdalik sovg`alari topshirish  ishlari amalga oshiriladi.

Eslatib o`tamiz, “Yoshlar va kino” Haftaligi joriy yilning 3-iyuliga qadar davom etadi. Uning tashkilotchilari – O`zbekiston Kinematografiya agentligi, “Yoshlik kinostudiyasi” DUK, Kinematografiyani rivojlantirish Milliy markazi, BDKIning Toshkentdagi filiali.

– Kino sohasida iqtidorli yoshlarni qo`llab-quvvatlash, ularni ijodiy jarayonga jalb etish, O`zbekiston Prezidenti tomonidan Kinematografiya agentligi oldiga qo`yilgan muhim vazifalardan biridir. Aynan o`zining zamonaviy qarashlari, ijodiy tafakkuri va yangi g`oyalariga ega bo`lgan yoshlar kino san`atining kelajagi bo`lib, san`atning ushbu eng muhim sohasini rivojlantirishni ularga ishonib topshiramiz. Shu bois, yoshlar ishtirokida bir qator kinoloyihalarni ishga tushirish bo`yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda, – deydi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1