Ijtimoiy tarmoqlarda qat`iy karantin choralari yana kuchaytirilishi, virusning yangi shtammlari tarqalayotgani, shifoxonalarda “oyoq bosishga joy yo`q”ligi haqidagi audioyozuvlar tarqalmoqda.
Ushbu gap-so`zlar qanchalik haqiqatga yaqin?
Bu savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Atabekov atroflicha javob berdi:
— Bu audioyozuvlarlarni tinglab ko`rsangiz, ular sizga tanish tuyuladi. Chunki ushbu xabarlar kasallik avj olgan o`tgan yilgi pandemiya davrida ham o`rtaga chiqqan edi. Buni ulardagi leksika va umumiy manzaradan ham sezish qiyin emas.
Deylik, bu xabarlardan birida virusning yangi shtammi tarqalib ketgani haqida so`z boradi.
Holbuki, ayni paytda yurtimizda koronavirusning asosan “omikron” shtammi aniqlanmoqda. Bu bemorlarning 98 foizida kasallik engil darajada kechyapti. Mazkur shtammning yurtimizda tarqala boshlaganiga esa yarim yilga yaqinlashyapti.
Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiy manbalarida koronavirusning tarqalishi bo`yicha so`nggi yangiliklar berib borilmoqda. Asl vaziyatga qaraydigan bo`lsak, bir kunda mamlakatimizda o`rtacha 100-120 ta kasallanish qayd etilmoqda. Albatta, 35 million aholi orasida bu — juda kichik ko`rsatkich.
Shunday bo`lsa-da, COVID-19 ga chalinmaslikning asosiy va eng samarali yo`li vaksinasiya bo`lib turibdi. 2 yoki 3 bosqichli emlashni qabul qilgan fuqarolar 6 oydan so`ng buster dozani olishlari, shundan 6 oy o`tib, yana qayta emlanishlari mumkin.
Yuqoridagi asossiz xabarlarni tarqatayotgan kimsalar aholi orasida xavotir uyg`otishga harakat qilayotgani ko`rinib turibdi.
"Yuqoridagi asossiz xabarlarni tarqatayotgan kimsalar aholi orasida xavotir uyg`otishga harakat qilayotgani ko`rinib turibdi. Shu bois fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarni sog`lom aql bilan baholashlarini, ularni tarqatayotganda asosliligini tekshirib ko`rishlarini so`raymiz", - deya qo`shiimcha qiladi SSV matbuot xizmati.