Xabaringiz bor, bir necha kun muqaddam “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi e`lon qilindi.
Loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o`zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o`z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo`shish taklif etilmoqda. Loyiha jamotchilik tomonidan muhokamasi 25 iyun – 5 iyul kunlari muhokama qilinishi uchun “Xalq so`zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari hamda “Mening konstitusiyam” portaliga joylashtirildi. Qayd etib o`tish kerakki, fuqarolar tomonidan Konstitusiyaviy komissiyaga jami 62 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Davlat rahbarining 20 iyundagi ma`ruzasi hamda “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi e`lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlar orqali muhokamalar yanada kuchaydi. Qizg`in muhokamalarga sabab bo`layotgan mazulardan biri bu – Konstitusiyaning 24-moddasiga “O`zbekiston Respublikasida o`lim jazosi taqiqlanadi” degan qoida kiritilayotganligi bo`ldi.
Kimdir “bu shundoq ham jinoyat qonunchiligidan chiqarib tashlangan jazo turi, u amalda mavjud emas, binobarin, uni Konstitusiyaga kiritishning keragi ham yo`q” desa, tarmoqning boshqa foydalanuvchilari “o`lim jazosini Konstitusiyasida ta`qiqlashga shoshilmaslik kerak. O`sha “insonparvar” G`arb davlatlarida ham o`lim jazosi amalda kam qo`llanilsada hali ham bekor qilingani yo`q,. O`lim jazosining asosiy maqsadi bu yashash huquqidan mahrum qilish emas, balki qo`rqitish, tiyib turish, og`ir jinoyatlarni oldini olishda ko`rinadi. Bu jazo turida jamiyatparvarlik, mazlumga adolat bor, aslida” deya o`lim jazosining tiklanishiga simpatiyasini bildirmoqda.
Ho`sh, davlatlardagi o`lim jazosi va jinoyatchilikning past darajasi o`zaro bog`liqmi?
Amerika erkin fuqarolari ittifoqi tashqilotining ma`lum qilishicha, jinoyatchilikning oldini olishda o`lim jazosi uzoq muddatli qamoq jazosiga qaraganda samaraliroq ekanligini ilmiy isbotlovchi tahlillar mavjud emas. AQShning o`lim jazosi amalda bo`lgan shtatlarida bunday qonunlar mavjud bo`lmagan shtatlarga qaraganda jinoyatchilik darajasi past emas. Shuningdek, o`lim jazosi bekor qilgan shtatlarda jinoyat yoki qotillik darajasida sezilarli o`zgarishlar kuzatilmagan. Rasmiy statistikaga murojaat qiladigan bo`lsak, 2022 yilda dunyo davlatlaridagi jinoyatchilik darajalari ko`rsatkichida AQSh o`z qonunchiligida o`lim jazosini saqlab qolganligi hamda 2021 yilda 11 kishini qatl qilinganligiga qaramasdan, o`lim jazosi 2000 yildayoq bekor qilingan Ukrainaga qaraganda yomonroq ko`rsatkichni qayd etgan.
O`lim jazosi taqiqlangan Gruziya, Armaniston va Sloveniya davlatlari jinoyatchilik ko`rsatkichlari bo`yicha o`lim jazosi amalda mavjud bo`lgan Xitoy va Quvaytdan ko`ra ancha yaxshi natijalarga erishgan.
Yuqoridagilardan anglashiladiki, o`lim jazosining joriy etilishi jinoyatchilikning kamayishiga jiddiy ta`sir ko`rsatmaydi.
Xalqaro Amnistiya tashkiloti (Amnesty International)ning 2022 yil birinchi yarmigacha bo`lgan statistikasiga ko`ra, dunyodagi 93 ta davlat qonunchiligida o`lim jazosi rasman saqlanib turibdi. Shulardan 56 ta davlatda o`lim jazosi qo`llanilyayotgan bo`lsa, 29 ta davlat qonunchiligida o`lim jazosi belgilangan, biroq oxirgi 10 yil ichida bir marta ham bu jazo tayinlanmagan. 8 ta davlatda esa o`lim jazosi faqat terrorizm va urush jinoyatchilariga nisbatan qo`llanilishi belgilangan.
Shuningdek, ushbu tashkilotning 2020 yil yakunlari bo`yicha hisobotiga ko`ra, 54 mamlakatda sudlar tomonidan 1 477 ta o`lim jazosini nazarda tutuvchi hukmlar chiqarilgan.
Dunyodagi qaysi davlatlar konstitusiyalarida o`lim jazosining taqiqlanganligi haqidagi qoidalar mavjud?
Dunyodagi 38 ta davlat konstitusiyasida o`lim jazosi bekor qilinganligi (taqiqlanganligi, hech kimga qo`llanilmasligi)
to`g`risidagi qoidalar aks etgan.
Ushbu davlatlar ro`yxatiga nazar tashlasak Germaniya, Finlyandiya, Avstriya, Xorvatiya, Chexiya, Lyukemburg, Niderlandiya, Slovakiya, Sloveniya, Shvesiya, Portugaliya, Ruminiya kabi Evropa davlatlaridan tashqari Lotin Amerikasi va Afrika mamlakatlari ham bor ekanligini ko`rishimiz mumkin.
Xususan, Xorvatiya konstitusiyasining 21-moddasida “har bir inson yashash huquqiga ega. Xorvatiya Respublikasida o`lim jazosi bo`lmaydi” deb, Avstriya konstitusiyasining 85-moddasi va Germaniya konstitusiyasining 102-moddasida “o`lim jazosi bekor qilinadi” tarzida, Sloveniya konstitusiyasining 17-moddasida “inson hayoti daxlsizdir. Sloveniyada o`lim jazosi bo`lmaydi”deya, Ruminiya konstitusiyasining 22-moddasida “o`lim jazosi taqiqlangan” tarzida, Finlyandiya konstitusiyasining oltinchi bo`limida “har bir inson yashash va shaxsiy erkinlik huquqiga ega. Hech kim o`limga, qiynoqlarga yoki qadr-qimmatni kamsituvchi boshqa jazoga hukm qilinishi mumkin emas” deya mustahkamlab qo`yilgan.
O`zbekiston Respublikasining 1994 yilgi Jinoyat kodeksida o`lim jazosi tayinlanishini nazarda tutuvchi moddalar soni 13 ta bo`lib, 1998 yilda 8 taga, 2001 yilda esa 4 tagacha kamaytirilgan. 2003 yilda jinoyat qonunchiligini liberallashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgandan so`ng, faqat ikki turdagi jinoyat – javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirish va terrorizm jinoyatlarini sodir etganlik uchun o`lim jazosi nazarda tutilgan edi.
2005 yil 1 avgustdagi “O`zbekiston Respublikasida o`lim jazosini bekor qilish to`g`risida”gi Prezident Farmoniga asosan 2008 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekistonda o`lim jazosi butunlay bekor qilindi. Ammo bularning barchasi Konstitusiyada emas, balki faqat jinoyat qonunchiligida o`z aksini topgan. O`lim jazosini taqiqlash to`g`risidagi normaning konstitusiyaviy darajada belgilanishi inson hayoti ajralmas huquq ekanligini, hatto davlat ham insonni hayotdan mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Agar “O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun loyihasi o`zgarishsiz qabul qilinsa O`zbekiston o`lim jazosini bekor qilgan va buni o`z konstitusiyasida to`g`ridan-to`g`ri aks ettirgan 39-davlat bo`ladi.
Konstitusiyaga “O`zbekiston Respublikasida o`lim jazosi taqiqlanadi” degan qoidaning kiritilishi kelajakda ushbu jazoni qayta tiklash (jinoyat kodeksiga jazo turi sifatida kiritish)ga bo`lgan har qanday urinishga ishonchli to`siq bo`lib xizmat qiladi.
Bektursun Murodqosimov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas`ul xodimi.