Ulardan biri ko`plab tanishlarini o`z safiga a`zo bo`lishga da`vat qilib, internet orqali ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatib kelgan.
IIV bu haqda xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida Olmazor va Shayxontoxur tumanlarida istiqomat qiluvchi "Hizb ut-Tahrir" ekstremistik tashkiloti a`zolarining faoliyatiga chek qo`yildi.
"Ushbu jinoiy guruhning faol a`zosi bo`lgan "I.A" 10 nafardan ortiq sinfdoshlarini "Telegram" ilovasida tashkil qilgan "Choyxona" va "Iymonlashaylik" nomli virtual guruhlarga qo`shib, taqiqlangan materiallarni tarqatib kelgan. Shuningdek, "I.A." yaqinlari va ko`plab tanishlarini "tahrirchilar" safiga a`zo bo`lishga da`vat qilib, Internet orqali ekstremistik mazmundagi audio va video materiallarni tarqatib kelgan",-deyiladi xabarda.
O`z navbatida guruh a`zolari mazkur materiallar bilan tanishib, "Hizb ut-Tahrir" DET faoliyatini qo`llab-quvvatlab kelishgan.
Xabar qilinishicha, mazkur jinoiy guruhning faoliyati ayni paytda Polshada yashirinib kelayotgan "Hizb ut-Tahrir" DETning g`oyaviy etakchilaridan biri bo`lgan, O`zbekiston va xorijdagi o`zbeklarning radikallashuviga hamda jinoyatchiga aylanib qolishlariga sababchi bo`layotgan “Mahmud Abdulmo`min” taxallusli 1980 yilda Qirg`iziston Respublikasida tug`ilgan, mazkur davlat fuqarosi va sodir etgan jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvda bo`lgan Xoldarov Maxmudjon Abdumalikovich tomonidan boshqarilgan.

Hozirda yuqoridagi shaxslarga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgani aytilmoqda.