Senatning 8-yalpi majlisi 8 iyul kuni bo`lib o`tadi

Siyosat 06.07.2022, 11:23
Senatning 8-yalpi majlisi 8 iyul kuni bo`lib o`tadi

Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati. 

Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma sakkizinchi yalpi majlisini 2022 yil 8 iyul kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, videokonferensaloqa shaklida bo`lib o`tadigan yalpi majlis doirasida bir qator masalalar ko`rib chiqilishi nazarda tutilgan.

“Soliq maslahatiga oid faoliyat to`g`risida”gi, “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo`shimcha va o`zgartishlar kiritish to`g`risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil yakunlari bo`yicha ijrosi hamda O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022 yil birinchi choragidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotlarini eshitish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar daryolar o`zanlarini tozalash va qirg`oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo`l xo`jaligi ob`ektlariga salbiy ta`siri yuzasidan hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlarini yuborish masalalari muhokama qilinadi.

Yalpi majlisda eksport hajmining barqaror o`sishini ta`minlash va uning nomenklaturasini diversifikasiyalash bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini ta`minlash holati, shuningdek, homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda go`daklarga ko`rsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovlari natijalari ko`rib chiqiladi.

Yalpi majlis doirasida Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlarini ham tasdiqlash nazarda tutilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1