1

Yoz chillasida kuniga o`rtacha 2-3 litr suv ichish lozim — SSV

Salomatlik 12.07.2022, 13:27
Yoz chillasida kuniga o`rtacha 2-3 litr suv ichish lozim — SSV

Yozning issiq kunlarida ko`p terlash natijasida inson tanasi ko`p suyuqlik yo`qotadi. Bunday paytda organizmning suv balansini kerakli ichimliklar bilan tiklash juda muhim. Xo`sh, bu borada mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi? SSV Matbuot xizmati Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigienasi va bolalar, o`smirlar gigienasi kafedrasi professori Guli Shayxova tavsiyalarini e`lon qildi. 

— Yozning issiq kunlarida sog`lom inson o`rtacha ikki-uch litr suyuqlik ichishi kerak. Ayniqsa, bunday ob-havoda eng yaxshi ichimlik toza suvdir. Bunda nafaqat uning miqdori, balki harorati ham muhim. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini  pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi.

Chanqoq payti yashil yoki o`simlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qorag`at, olcha, olxo`ri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali. Sababi, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi.

Qahvani xush ko`ruvchilar kuchli jazirama payti bu ichimlikdan voz kechishlari yaxshiroqdir. Chunki u chanqoqni bosmaydi, aksincha tarkibidagi kofein qon bosimini oshirib, tanani suvsizlantiradi.  

Shuningdek, imkon qadar qadoqlangan sharbatlar, shirin gazli ichimliklarni taomnomadan chiqarib tashlash lozim. Sababi ular tarkibidagi ko`p miqdordagi shakar va konservantlar chanqoqni yanada kuchaytiradi.

Yana shunday mahsulotlar borki, ular ham chanqoqni yaxshi bosadi. Bularga bodring, selderey, qovun, tarvuz, apelsin kiradi. Ayniqsa, yozgi taom bo`lmish okroshka ham chanqoqni bosadi hamda u kerakli mikroelement va vitaminlarga boydir.

Biroz yozda oziq-ovqat mahsulotlari va ichimliklar tarkibi tez buzilishini e`tiborga olsak, bozorlarda, katta yo`l chetlarida sotiladigan qo`lbola va yaroqlilik muddati o`tgan ichimliklarni ichish salomatlik uchun xavfli.

Yurak-qon tomir, buyrak xastaligidan aziyat chekuvchi insonlarga esa ko`p suv ichish tavsiya etilmaydi. Bunday bemorlar shifokor nazorati ostida suyuqlik iste`mol qilishlari lozim.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1