O`zbekiston Respublikasiga uchuvchisiz uchar qurilmalar, ya`ni dronlarni olib kirish, ulardan foydalanish, sotish va sotib olish – jinoyat. Buning uchun 8 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanish mumkin.
Albatta, qonunchilikda jazodan qutulib qolish imkoni ham taqdim etilgan. Bunda fuqaro qurilmasini o`z ixtiyori bilan mutasaddi idoralarga topshirishi lozim bo`ladi.
Shu bilan birga, istisno holatlari va dronlarni vaqtincha olib kirish tushunchasi ham mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi 322-sonli qaroriga ko`ra, uchuvchisiz uchish moslamalari, ya`ni dronlarni mamlakatimizga olib kirish tartibga solingan.
Dronlarni O`zbekiston hududiga olib kirish, realizasiya qilish va undan foydalanish taqiqlangan. Lekin, istisno holatlari ham mavjud.
Masalan, “Geoinnovasiya markazi” DUK tomonidan er resurslari, geodeziya, kadastr, rel`eflarni tasvirga olish ishlarini amalga oshirish bo`yicha bu qurilmalarni respublikaga olib kirishga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida bu kabi moslamalardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, bojxona amaliyotida vaqtincha olib kirish degan termin ham mavjud. Bu holatda dronlar olib kiriladi va ma`lum bir maqsadda foydalanilgandan so`ng, qaytarib olib chiqib ketiladi.
Quyidagi tashkilotlarga istisno tariqasida dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan:
- Turizm va sport vazirligi;
- Kinemotografiya agentligi;
- Madaniyat vazirligi.
Ushbu vazirlik va tashkilotlar tomonidan ma`lum hududlarda film olish yoki tarixiy obidalarni tasvirga tushirish maqsadida vaqtinchalik olib kirishga ruxsat berilgan. Ammo bunda ba`zi bir shartlar bor.
Mudofaa vazirligi hamda aviaxavfsizlik bo`yicha qo`mitani ogohlantirgan holda, ushbu idoralarga dronlar kim tomonidan olib kelinishi, qaerda foydalanilishi va unga javobgar shaxslar bo`yicha ma`lumotlar taqdim etiladi.
Dronlarni olib kiruvchi shaxslar ularga shaxsan javobgar hisoblanadi. Bunda vakolatli organlar – IIV, DSQ, DBQ, DXX va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan uni nazorat qilish belgilab berilgan.
Shuningdek, 2019 yilda O`zbekiston Respublikasi qonuni bilan Jinoyat kodeksiga 244-4-moddasi qo`shilib, unga asosan ruxsat etilmagan holatda dronlarni o`tkazish, olib kirish, saqlash, foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ushlab qolingan dronlar sud qaroriga ko`ra musodara qilinadi.






