AsosiySUG'DIYONA
15076

Erkak va ayol munosabatlariga putur etkazuvchi 9 sabab

Ba`zan eng chiroyli juftlikning hech narsadan hech narsa yo`q ajrashib ketayotganligini ko`rib hayron qolamiz. Bunday holatga etib kelguncha, xavf-xatar signali chalinadi, ammo biz boshqa ishlar bilan qattiq band bo`lganimizdan yoki dangasaligimizdan bunga ko`p ham e`tibor bermaymiz. Quyida “Lifehacker.ru” nashri bunday holatning oldini olish uchun sezish, his qilish, anglash yuzasidan zarur tushunchalarni izohlab beradi.

1. Ishonchning yo`qolishi
Avvaldan mavjud bo`lmagan yoki bo`lgan ishonchning yo`qolishi oqibatida munosabatlar poydevoriga putur etadi, orzu-umid, kelajakka ishonch yo`qoladi. Ishonchning yo`qolishiga asoslanmagan, sababsiz rashk, bir paytlar va`da qilinib, amalga oshirilmagan ontlar sabab bo`ladi. Ishonchsizlik oqibatida juftlik o`rtasida turli nizolar chiqib, janjalga, assosiz so`roq-savollarga, juflardan birining erkini bo`g`ishga bo`lgan harakatlar yuzaga keladi. Natijada bu narsa kareraga, munosabatlarga putur etkazadi.

2. Turli-tuman maqsadlar
Bir aravaga qo`shilgan ikki ot har tomonga tortsa, arava joyidan jilmaydi. Hayotda ham juftlarning orzu-niyatlari, maqsadlari bir xil bo`lmasa juda qiyin bo`ladi. Ba`zida maqsadlarning turli-tumanligi juftlarning o`zlari xohlaganday yashashlariga ham to`sqinlik qiladi.

3. Zo`ravonlik
Bu erda gap jismoniy zo`rlik haqida emas, balki ma`naviy zo`ravonlik haqida ketyapti. Tan yarasidan ko`ra, qalb yarasining bitishi juda og`ir kechadi.

Ruhiy zo`ravonlik belgilari:
•  Juftini to`liq nazorat qilish.
•  Juftini haqorat qilish, bo`lar-bo`lmasga tanqid qilish, erga urish.
•  Juftida qo`rquv uyg`otish maqsadida uning ustidan hukmronlik qilish.
•  Keragidan ortiq — nafaqat odamlardan balki, juftini ishidan, qiziqishlaridan, orzularidan qizg`anish, rashk qilish.
•  Juftini o`zining hukmiga bo`ysundirib, aytganlarini so`zsiz bajarishni kutish.
•  Juftini aldash.
•  Umumiy qaror chiqarish vaqtida juftining ovoz berish huquqi yo`qligi.
•  Juftini qarindoshlaridan, do`stlaridan, hayotdan uzib qo`yish.
Hozir biz ruhiy zo`ravonlik haqida gapirganimizda ko`z o`ngimizga erkak kishi keldi, ammo u ayol ham bo`lishi mumkin. Chunki ayollar jismonan zo`ravonlik qilmasalar-da, ruhiy tomondan yaxshigina zarba berishadi.

4. Aldangan umidlar
Agar hamma narsa biz kutgandek amalga oshsa, o`zimizni judayam baxtli his qilamiz. Ammo orzumiz amalga oshmasa, o`zimizni dunyodagi eng ishi yurishmagan odam deb hisoblaymiz. Aslida hali turmush qurmagan paytimizda juftimizni ideallashtirib yuboramiz. Birga yashagandan keyin, uni yaqindan bilgach,  kamchiliklari yuzaga chiqa boshlaydi va biz o`zmizni aldangan his qilamiz.

5. Zararli odatlarga tobelik
Spirtli ichimlik iste`mol qilish, giyohvandlik inson hayotini do`zaxga aylantiradi. Bu zararli odatlarga hali tobe bo`lishga ulgurmagan odamga yaqin insoni yordam bera oladi. Ammo u zararli odatlarga ko`nikma hosil qilib bo`lgan bo`lsa, bunday vaziyatdan faqatgina uning o`zi chiqib ketishi mumkin. Jufti har qancha harakat qilmasin, o`zi irodali bo`lib, bunday yomon odatlardan qutulishga harakat qilmasa, hammasi befoydadir.

6. Uzoqlashish, ko`ngil sovish, zerikish
Maqsad va intilishlarning har xilligi juftlarning bir-biridan uzoqlashishiga sabab bo`ladi. Faqatgina yolg`izlikdan, pulsiz qolishdan, farzandlardan ajrab qolish haqidagi qo`rquvgina ularni birga yashashga majbur qiladi. Ammo ularni birga yashashga majbur qiladigan sabab qolmasa, juftlik ajrashib ketadi.

7. Turli darajada rivojlanish
Juftlarning ajrashib ketishiga turli darajadagi rivojlanish ham sabab bo`lishi mumkin. Masalan, tanishgan paytlarida ularning bilim darajasi, aqliy salohiyati bir xil bo`lgan bo`lsa, keyinchalik ulardan biri o`z ustida ishlab, o`qib-o`rganib, ikkinchisidan o`zib ketishi mumkin. Natijada qiziqishlar doirasining, dunyoqarashning turli-tumanligi oqibatida juftlar ajrashib ketadi.

8. Moliyaviy muammolar
Moliyaviy muammolar deganda pulning kamligi tushunilmaydi, balki ularni to`g`ri taqsimlay olmaslik turli moliyaviy muammolarga sabab bo`ladi. Masalan:
•  Juftining ko`p pul topishi ikkinchisiga yomon ta`sir qilib, moliyaviy tomondan unga qaram qilib qo`yadi.
•  Umumiy oila byudjeti faqat bir kishining xohish-istagi bilangina taqimlanadi.
•  Juftlardan biri pullarni ikkinchisidan maslahat so`ramay, ishlatib yuboradi. Keyin zarur narsalar uchun pul topilmay qoladi.

9. Ruhiy va jismoniy aloqaning uzilishi
Juftlar ham jismonan, ham ruhan bir-biridan uzoqlasha boshlaydi. Ular bir-birini tushunmaydi, qiyin vaziyatlarga tushib qolganda bir-birini qo`llab-quvvatlamaydi, muammolarning echimini topolmaydi. Oqibatda ular muammoli vaziyatdan chiqish yo`lini ko`chadan, begonalardan qidira boshlaydi va turli xiyonatlar yuzaga keladi.

Boshqa yangiliklar