Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 22–24 iyul kunlari «O`zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» VI Xalqaro Kongressi bo`lib o`tdi.
Kongressda 32 mamlakatdan kelgan 350 nafar ilm-fan olami egalari ishtirok etishdi. Kongress davomida 100 dan ortiq ma`ruzalar o`qildi, davra suhbatlari, sessiyalar o`tkazildi.
Ma`lumot uchun: Butunjahon jamiyati «O`zbekiston madaniy merosi jahon to`plamlarida» loyihasi asosida tashkil etilgan va 2018 yilda Parijda rasman ro`yxatdan o`tgan.
Xalqaro kongress fonida Buxorodagi Modarixon madrasasida "Hunarmandchilik markazi" ning barpo etilishi va uning sayyohlar uchun tashrif manziliga aylantirildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, XX asrning boshlarida Buxoroda 250 dan ziyod madrasa mavjud bo`lgan. Shulardan biri 1566—67 yillarda Abdullaxon tomonidan onasi sharafiga bunyod etilgan “Modarixon” madrasasidir. XVI asr me`morchilik an`analarini o`zida ifodalovchi bu yodgorlik Abdullaxon madrasasi qarshisida joylashgan.
Ikkalasi Qo`sh madrasa majmuasini tashkil qiladi. Madrasa ulkan peshtoq, miyonsaroy, darsxona, masjid va hovli atrofida ikki qavatli qilib qurilgan ayvonli hujralardan iborat.
Xonalarning har birida eshik va uning tepasida ganchkori panjara mavjud bo`lgan.“Modarixon” madrasasi 1960 yilda davlat tomonidan muhofazaga olingan.
Shundan so`ng madrasa binosi turistlar uchun sayohat marshrutiga kiritiladi. Istiqlol yillarida madrasa to`la ta`mirlanib, ko`hna Buxoro ko`rkiga ko`rk qo`shdi.
Buxoro shahar prokuraturasi tashabbusi bilan ayni vaqtga qadar bo`sh turgan mazkur madaniy meros ob`ektidan samarali foydalanish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 8 apreldagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosan madrasa Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga berildi.
O`z davrida ilm-ma`rifat maskani hisoblangan ushbu madrasa ta`mirlash-pardozlash ishlaridan so`ng hunarmandchilik markaziga aylandi.
Endilikda bu erda 20 nafar hunarmandlar tomonidan monomarkaz bilan tuzilgan shartnoma asosida misgarlik, yog`och o`ymakorligi, kandakorlik, kashtachilik, zardo`zlik, miniatyura rassomchiligi singari hunarlarni o`rgatish imkoniyati yaratildi.