Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 sentyabrdagi “Maktabgacha, umumiy o`rta, o`rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta`lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestasiyadan o`tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”ga 572-sonli qaroriga tegishli o`zgartirishlar kiritildi.
Unga muvofiq, oliy malaka toifaga ega bo`lganidan so`ng uni 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga (shu jumladan, dekret ta`tili davri ham) ega bo`lgan pedagog kadrlar majburiy attestasiyaga jalb qilinmaydigan pedagoglarga aniqlik kiritildi.
Hozirgi aniqlashtirilgan tahrirga asosan pedagog-kadrlar oliy toifali bo`lib, o`z darajasini 3 marta majburiy attestasiyada tasdiqlaganlaridan so`ng umrbod oliy toifali bo`lishlari mumkin.
Misol uchun, 2022 yilda oliy ta`lim muassasasini bitirgan pedagog navbatdan tashqari attestasiya imkoniyatlaridan foydalanib, 2024 yilda oliy toifali bo`ladi va shundan boshlab 15 yil ichida 3 marotaba (2029, 2034 va 2039 yillarda) tasdiqlaydi. Bunday holatda pedagog 39 yoshida pensiyagacha oliy toifani saqlab qoladi.
"Avvalgi tahrirda 15 yil davomida oliy toifaga ega bo`lmay 16-yilda oliy toifani olgan pedagoglar avtomatik ravishda umrbod oliy toifani saqlab qolishi mumkin yoki mumkin emasligi borasida turli talqinlar ham yuzaga kelgan.
Bu esa avvallari 1-toifali bo`lib, so`nggi attestasiyada oliy toifani olgan ba`zi ustozlarning keyinchalik o`z malakasini oshirib bormasligiga sabab bo`layotgan edi",-deyiladi Xalq ta`limi vazirligi tushuntirishicha.