1

ArMI-2022: o`zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o`yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi

Jamiyat 13.08.2022, 19:47
ArMI-2022: o`zbekistonlik harbiylar xalqaro armiya o`yinlarining ikki bosqichini muvaffaqiyatli boshladi

Bugun, 13 avgust kuni Rossiya Federasiyasi Moskva viloyatida joylashgan «Alabino» poligonida VIII Xalqaro armiya o`yinlarining «Tank biatloni» musobaqasiga start berildi. Musobaqaning birinchi divizioni yakkalik poyga shartida O`zbekiston tankchilari Vetnam, Venesuela va Qozog`iston jamoalarining birinchi ekipaj a`zolari bilan o`zaro bellashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti ma`lum qildi.

Unda o`zbekistonlik harbiylar qizil, vetnamliklar ko`k, Venesuela jamoasi sariq va qozog`istonliklar yashil rangli tanklarda harakat olib bordi. Tank komandiri katta leytenant Shahzod Mamadiyorov, mo`ljalga oluvchi kichik serjant Islom Sobirov va mexanik-haydovchi katta serjant Karimjon Urinovdan iborat 1-ekipajimiz mazkur jamoalar bilan munosib bellashdi.

Musobaqaning yakkalik poyga shartiga ko`ra, T-72B3 tanklarida ekipaj a`zolari turli to`siqlardan o`tib, belgilangan nishonlarni yakson qildi. Shunday qilib, Xalqaro armiya o`yinlarining eng jozibali va qiziqarli yo`nalishi bo`lmish «Tank biatloni» musobaqasining bugungi bahsi yakuniy natijalariga ko`ra, o`zbekistonlik tankchilar ekipaji 25 daqiqayu 18 soniyada finishga etib keldi. Qozog`iston jamoasi finish chizig`ini 25 daqiqayu 57 soniyada, vetnamliklar esa 34 daqiqayu 53 soniyada bosib o`tgan bo`lsa, venesuela 47 daqiqayu 05 soniya natijani qayd etishdi.

Ma`lumot uchun, vakillarimiz harakat olib borayotgan birinchi divizionda jami 10 ta jamoa birinchilik uchun kurashadi, bular: Ozarbayjon, Belarus, Vetnam, Venesuela, O`zbekiston, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Mo`g`uliston va Rossiya Federasiyasi. Yurtdoshlarimiz ishtirokidagi keyingi bahslar 16 avgust va 20 avgust kunlari bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, bugun Markaziy harbiy okrugining «Forish» tog` poligonida «Dala oshxonasi» yo`nalishining dastlabki bosqichi, ya`ni «Otish tayyorgarligi» bahslari o`z yakuniga etdi.

Unda O`zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Belorusiya hamda Vetnam davlatlarining harbiy oshpazlaridan iborat 5 ta jamoalar ishtirok etdi. «Otish tayyorgarligi» bahslarining shartlariga ko`ra, har bir jamoadan 6 nafar vakil ishtirok etib, 100 metr masofadagi nishonlarga qarata 10 marotabadan o`q uzdi.

Musobaqaning ushbu bosqichining yakuniga ko`ra umumjamoa hisobida qiyudagi natijalar qayd etildi:

1. O`zbekiston — 92,8 ball;

2. Vetnam — 83,5 ball;

3. Rossiya— 72,2 ball;

4. Belarus — 71,5 ball;

5. Tojikiston — 62,0 ball.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1