AsosiyMutolaa

Yuragimda saqlaganlarim: Baxtsizlik keltirgan nikoh uzugi

Erim vafot etgandan keyin bu voqea haqida ko`p o`yladim. Balki bu tasodifdir degan xayolga ham bordim. Ammo bo`lib o`tgan voqealarga e`tibor bersam, bu tasodif emasdek tuyuldi. Vijdonim qiynalib, hammasiga o`zimni aybdor his qildim...

O`sha paytda erim bilan topish-tutishimiz yaxshi, hech nimadan kamchiligimiz yo`q edi. Uy-joyimiz, sevimli ishimiz bor, bolalarimiz sog`-salomat katta bo`layotgandi. Ayol kishi bo`lganim uchunmi bir-ikki so`m pul orttirsam darrov biror tilla buyum olib qo`yishga harakat qilardim. Shuning uchunmi dugonalarimga pul zarur bo`lsa yoki biror tanishi tilla sotmoqchi bo`lsa menga qo`ng`iroq qilishardi. Bir kuni ishda o`tirsam, telefonim jiringladi, qarasam vrach dugonam Nafisa qo`ng`iroq qilayotgan ekan.

– Salom, Laziza! Tinchmisan? Bolalaring yaxshimi? – deb hol-ahvol so`radi dugonam.

– Ha, Nafisa o`zing yaxshimisan? Charchamay ishlayapsanmi?

– Ha, hammasi joyida, senga qo`ng`iroq qilayotganimning sababi Farida opam uy sotib olmoqchi edi, ammo ozgina puli etmayapti, shunga tilla taqinchoqlarini sotmoqchi, yoqsa olasanmi degandim.

Birozgina yig`ib qo`ygan pulim borligi tufayli dugonamning “tilla taqinchoq” degan gapini eshitgan zahoti, uni oldiga poliklinikaga chopdim. Borsam dugonamning yonida ozg`inligidan ko`ylaklarining elkasi shalviragan holda opasi ro`molchaga tugilgan tillalarini tutib turardi. Shoshilib, taqinchoqlarni ko`zdan kechirishga tushdim, ularning ichidan menga vazni og`irgina bo`lgan, chiroyli nikoh uzugi yoqdi. Uzukni qo`limga taqib ko`rsam, loppa-loyiq keldi. Negadir uzukni qo`limda ko`rgan Farida opaning rangi oqarib bir qalqidi. Ammo men uning ahvoliga e`tibor beradigan holda emasdim.

– Voy, juda chiroyli uzuk ekan, olsam shuni olaman!– dedim uzil-kesil ohangda.

– Singlim, bu uzukni menga turmush o`rtog`im nikoh kechasida taqqan. To`g`risini aytsam, sotishga ko`nglim yo`q, ilojsizlikdan olib chiqqandim. Hozir uni sotmasligimning ham iloji yo`q, chunki uy olishim kerak, pul etmayapti. Sizdan bitta iltimosim bor edi, hozir uzukni sizga sotaman, keyinchalik og`zingizga siqqan pulni so`rang, aytganingizni beraman, uzukni menga qaytarib sotasiz. Bu taqinchoq men uchun juda qadrli, baxtli kunlarimdan yodgorlik, – dedi ayol ovozi qaltirab. 

Uzukka egalik qilish istagim kuchli bo`lganidan uning gaplariga e`tibor bermay, rozi bo`ldim. 

Shu bilan uzukni taqqancha, bo`lib o`tgan voqeani unutdim. Oradan ikki-uch yil vaqt o`tdi. Bolalarimdan birining mazasi bo`lmaganligi tufayli dori kerak bo`lib dorixonaga kirsam, peshtaxta ortida turgan Farida opaga ko`zim tushdi. U dorixonada sotuvchi bo`lib ishlardi. Men bilan quyuqqina ko`rishgan opaning ko`zi qo`limdagi uzukka tushdi.

Laziza, menga bergan va`dangiz esingizdami? – deb so`radi Farida opa.

Qanaqa va`da? – deb so`radim hayron bo`lib.

Bir paytlar uzukni sotayotganimda pul topganimda qaytarib berishga rozi bo`lgandingiz. Xudoga shukur, hozir o`zimni ancha tiklab oldim. Aytgan pulingizni beraman, uzugimni qaytarib bering, iltimos...– deb yalindi Farida opa.

Ayol qo`limdan uzukni tortib olayotganday, hovliqib uni sotish niyatim yo`qligini aytdim. Chunki men unga shunchalik o`rganib qolgandimki, hech qachon qo`limdan qo`ymay taqardim. Shosha-pisha dori sotib olgancha, dorixonadan yugurib chiqib ketdim.

Oradan ko`p o`tmay, ishga ketayotsam oldimdan, dugonam Nafisa chiqib qoldi, uzoq hol-ahvol so`rashgandan keyin qaerdan kelayotganligiga qiziqdim.

– Eh, dugonajon, qaerdan kelayotganimni so`rama, Farida opamni yaxshi taniysan, bechoraning endi og`zi oshga etganda, pochcham saratonga chalinib o`tiribdi. Bo`ynidan bez chiqibdi, vrachlar olti oy umri qolgan deyishdi.

Ko`z oldimga peshtaxta ortidan mo`ltirab, mendan uzukni qaytarishni so`rayotgan Farida opa keldi. Bechora, eridan esdalik bo`lgani uchun menga yalingan ekan-da, degan xayolga bordim. Ammo nafsim ustunlik qilib, “Nima tekinga berganmidi, pulini olgan-ku!” deb o`yladim. Negadir uzukni qaytarishim kerak degan qarorga keldim, ammo yana shayton yo`ldan urdi. Nafs o`lsin... u insonni istagan ko`yiga solar ekan. O`sha paytda arzimagan bir uzuk menga barcha insoniy his-tuyg`ulardan ko`ra qadrliroq tuyuldi. Vaqti kelib o`zim Farida opaning ahvoliga tushishim etti uxlab, tushimga ham kirmagandi. Men uzuk bilan birga uning taqdirini ham sotib olganimni keyinchalik angladim... 

Bir kuni erim menga “Qara bo`ynimda bez paydo bo`libdi” dedi. 

– Og`rimayaptimi?– deb so`radim undan.

– Bezovta qilgani yo`q, ammo nazarimda u kundan-kunga kattalashayotganday tuyulyapti, – dedi erim bo`ynini silab.   

– Vahima qilmang, limfa tugunlari shamollasa ham shunaqa bez paydo bo`ladi, – dedim-u, ammo yuragim shuvullab, bir yomonlikni tuydim.

Vaqt o`tgan sari erimning bo`ynidagi bez kattalashaverdi. Tekshirtirish uchun onkologiya markaziga bordik. U erda bezdan namuna olishdi, tahlil natijasi bir haftadan keyin chiqishini eshitib, uyga qaytdik. Ammo shu bir hafta mobaynida o`zimdan o`tganini o`zim bilaman. Tahlil natijasini bilish uchun erim ham men bilan jo`nadi, ammo uni turli bahonalar bilan uyda qoldirib, onkologiya markaziga o`zim jo`nadim. Tizzalarim qaltirab, vrachning eshigini ochdim. Xonada barvasta, o`rta yoshlardagi vrach ayol o`tirardi. U mening nima maqsadda kelganimni eshitib, tahlil natijasi yozilgan qog`ozga tikildi.

– Xo`sh, bemor kimingiz bo`ladi?– deb so`radi u ko`zoynak ortidan boqib. 

– Erim... – dedim qaltirab, xuddi hukm o`qiyotgan sudyaga qaraganday iltijoli tikilib. 

– Singlim, sizni aldash niyatim yo`q. Eringizning bor-yo`g`i olti oy umri qolgan, u saratonga chalingan, – dedi ayol hissizlik bilan. 

Uning bir og`iz gapi hayotimni ostin-ustin qilib yubordi. “Endi nima qilaman? Nahot bolalarim etim qoladi? Otasiz ularni qanday katta qilaman?” degan savollar iskanjasida qoldim. Bazo`r hovliga sudralib chiqdim-u, o`rindiqqa ham etolmay, erga cho`kdim. Atrofda hech kim ko`rinmadi, shu o`tirgancha ovoz chiqarmay yig`lashga tushdim. Qancha o`tirdim, kim meni sudrab o`rindiqqa olib bordi, eslolmayman. Bir amallab uyga kelganimda vaqt allamahal bo`lgandi. Uyga kirish oldidan o`zimni tartibga keltirdim, eshikni ochgan erimga jilmayishga harakat qildim:

– Aytgandim-ku, sizga oddiy shamollash deb, biroz davolanishingiz kerak ekan, xolos, – dedim dardimni ichimga yutib.

Erim engil nafas oldi... Ammo o`sha “biroz davolanish” anchaga cho`zildi. Dori-darmon qimmat bo`lgandan barcha tilla taqinchoqlarimni sotdim. Nikoh uzugini sotishga to`g`ri kelganda ko`z oldimga iltijoli boqib turgan Farida opa keldi... Keyinchalik bu voqea haqida ko`p o`yladim, balki bu oddiy tasodifdir... Ammo men uni nimagadir tasodif deb atay olmadim. O`shanda uzukni qaytarib berganimda balki erim tirik qolarmidi deb o`yladim, vijdonim qiynaldi. Qaerdadir o`qiganim, eski buyumlar o`zida avvalgi egasining quvvatini saqlaydi, unga egalik qilgan odamning taqdiriga ta`sir qiladi, degan gapni esladim. Shundan beri bu voqea og`ir yuk bo`lib, yuragimni ezib keladi. Balki... balki... balki degan savollar esa hech tinchlik bermaydi.

LOLA ShOIMOVA

Boshqa yangiliklar