1

Saratonni keltirib chiqaruvchi besh mahsulot ro`yxati e`lon qilindi

Salomatlik 15.08.2022, 19:02
Saratonni keltirib chiqaruvchi besh mahsulot ro`yxati e`lon qilindi

Kundalik iste`mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan besh turi mazkur xastalikka chalinish ehtimolini oshirishi mumkin.

Sog`liqni saqlash vazirligi xabariga ko`ra, Germaniyaning “Stiftung warentest” iste`molchilar fondi JSST tadqiqotlariga asoslanib, ana shu mahsulotlar ro`yxatini e`lon qildi.

1. Qayta ishlangan go`sht

Ular sirasiga tuzlangan va dudlangan go`sht va go`sht mahsulotlari kiradi. Bunday noz-ne`matlarni kuniga 50 grammdan ortiq iste`mol qilish yo`g`on ichak saratoniga chalinish xavfini 18 foizga oshiradi. Qolaversa, yiliga taxminan 34 ming kishining o`limiga sabab bo`ladi. 

2. Qizil go`sht

Bu turdagi mahsulot yo`g`on ichak, oshqozon osti va prostata bezi saratoni shakllanishiga sabab bo`lishi bilan bog`liq dalillar mavjud. Biroq ma`lumotlar hali 100 foiz o`z tasdig`ini topgani yo`q. Qayd etilishicha, mutaxassislar qizil go`shtning haftalik iste`molini 500 grammdan oshirmaslikni tavsiya etadi.  

3. Sut

Aslida bu juda shifobaxsh ne`mat. Faqat me`yor masalasi muhim. Masalan, kuniga 200 dan 800 millilitrgacha sut iste`mol qilish yo`g`on ichak yoki ko`krak bezi saratonidan ishonchli himoya qilishi mumkin.  

Biroq erkaklar bu borada ehtiyot bo`lishlari zarur: sut mahsulotlari tarkibida kalsiyning yuqori miqdori prostata bezi saratoni xavfini oshirishi ehtimoli mavjud. Shu sababli erkaklar kuniga 1,5 grammdan ortiq kalsiy iste`mol qilmasliklari kerak. Bu o`rta hisobda 1,25 litr sut, degani.  

4. Shakar

U saratonning bilvosita sababchisidir. Uni haddan tashqari ko`p iste`mol qilish ortiqcha vaznni keltirib chiqaradi. Semirish esa kamida 13 turdagi saraton bilan bog`liq kasalliklar rivojlanishi ehtimolini oshiradi.

5. Spirtli ichimliklar

Bu borada JSSTning xulosasi qat`iy. Ya`ni alkogol mahsulotlari iste`molining xavfsiz darajasi yo`q! Demak, u  kam miqdorda ichilsa ham, saratonga chalinish xavfi yo`qolmaydi. Agar ko`proq iste`mol qilinsa, vaziyat yanada yomonlashadi. Bu borada spirtli ichimliklarning turi yoki sifati ahamiyatsiz.

Ta`kidlanishicha, mast qiluvchi ichimliklar tamaki mahsulotlari bilan birlashsa, xavf ko`lami yanada ortadi. Chunki spirtli ichimliklar og`iz shilliq qavatini tamakining ifloslantiruvchi moddalariga o`tkazuvchan qiladi. 

Eslatib o`tamiz, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, saraton kasalligini keltirib chiqaruvchi omillarning uchdan bir qismi noto`g`ri ovqatlanish yoki kamharakatlik oqibatidir.  

Dilbar Abdunabieva.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1