Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda dori-darmon va tibbiyot buyumlarini qimmat narxlarda etkazib berish holati aniqlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
“A.” MChJ rahbari B.F. va boshqalar 2020-2021 yillar va joriy yilning aprel oyiga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialiga dori-darmon va tibbiyot buyumlarini belgilangan 15 foiz ustamadan ortiqcha narx qo`yib etkazib berganliklari oqibatida, jami 2,3 mlrd so`mni o`zlashtirish yoki rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






