Shavkat Mirziyoev V Islom birdamligi o`yinlarida ishtirok etgan O`zbekiston sport delegasiyasi a`zolariga tabrik yo`lladi.
"Qadrli sportchi va murabbiylar!
Muhtaram yurtdoshlar!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Turkiya Respublikasining Ko`nyo shahrida o`tkazilgan beshinchi Islom birdamligi o`yinlarida munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qo`lga kiritganingiz bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman",-deyiladi uning avvalida.
Davlat rahbari so`zida davom etarkan, bu yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayramiga ajoyib sovg`a bo`lganini qayd etadi.
"Jonajon Vatanimizda milliy mustaqilligimizning o`ttiz bir yillik shonli sanasiga bag`ishlab katta tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan ushbu shukuhli damlarda sizlarning keskin kurashlarda kechgan bellashuvlarda erishgan yutuqlaringiz el-yurtimiz uchun munosib bayram sovg`asi bo`ldi.
Har to`rt yilda bir marta o`tkaziladigan mazkur nufuzli sport anjumanida yurtdoshlarimiz sizlarning har bir chiqishingizni ommaviy axborot vositalari va Internet orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi. Butun O`zbekiston sizlarni qo`llab-quvvatlab, Yaratgandan omad va zafarlar tiladi.
Dunyoning 56 ta davlatidan 4200 nafar sportchi ishtirok etgan ushbu musobaqalarda milliy terma jamoamiz a`zolari ulkan mahorat, g`ayrat va matonatini, g`alabaga bo`lgan yuksak intilish va irodasini namoyon etib, 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo`lga kiritganlari har qanday tahsinga sazovordir.
Ayniqsa, O`zbekiston vakillari Eron, Ozarbayjon, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Qozog`iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida Turkiya Respublikasidan keyin faxrli ikkinchi o`rinni egallaganlari mamlakatimiz sportida yana bir yorqin sahifa bo`ldi",-deydi O`zbekiston etakchisi.
U shundan kegin g`olib va sovrindorlarning nomini birin-ketin qayd etib o`tgan.
"O`zbek sportining iftixori bo`lgan Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo`raev, Sarvarbek Zafarjonov, Tursunoy Jabborova og`ir atletika, Olga Zabelinskaya velosport musobaqalarida uchtadan oltin medalni qo`lga kiritgani sport tarixida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisadir.
Bo`lib o`tgan qizg`in bellashuvlarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan Ulug`bek Rashidov, Adhamjon Ergashev, Safina Sadullaeva, Diyora Keldiyorova, Sharifa Davronova va boshqa sportchilarimizning iste`dodi, mahorati va qobiliyatiga barcha sport muxlislari yana bir bor tan berdi.
Ushbu musobaqalarda O`zbekiston paralimpiyachilari ham yuksak jasorat va matonat namunalarini ko`rsatganlarini alohida ta`kidlash lozim. Ayniqsa, Azizbek Boynazarov, Omadbek Hasanov, Sultonbek Nuriddinov, Baxtiyor Ortiqov, Rasul Atamuratov kabi sportchilarimiz haqiqiy fidoyilik fazilatlarini namoyon etib, milliy jamoamizning muvaffaqiyatiga munosib hissa qo`shdilar.
Azmu shijoatli o`g`il-qizlarimiz og`ir atletika, dzyudo bo`yicha tengsiz, qilichbozlik, taekvondo, sport kurashlari, suzish musobaqalarida esa etakchilar safida ekanlarini amalda isbotladilar.
Qadimiy Ko`nyo zaminida erishilgan bunday yutuqlar biz uchun ulkan ahamiyatga ega bo`lib, sizlar shu tariqa milliy sport maktabimizning shon-shuhratini, O`zbekiston yoshlarining qanday buyuk ishlarga qodir ekanini jahonga namoyon etdingiz.
Hech shubhasiz, sizlarning Islom birdamligi o`yinlarida Vatanimiz bayrog`ini baland ko`tarib, yuksak shohsupalarni zabt etganingiz mamlakatimizda sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash, jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish maqsadida olib borayotgan keng ko`lamli islohotlarimizning yana bir amaliy natijasi sifatida ko`pmillatli xalqimizni behad quvontiradi, barchamizga g`urur va iftixor bag`ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, sizlar kabi yurtimizga mehr va sadoqat bilan yashaydigan, vatanparvar va salohiyatli yoshlarni tarbiyalab voyaga etkazgani uchun ota-onalaringizga, yoningizda turib, erishilgan yutuqlarni ta`minlashga munosib hissa qo`shgan zahmatkash ustoz va murabbiylaringizga o`z nomimdan, xalqimiz nomidan chin dildan tashakkur izhor etaman",-deydi Mirziyoev.
Davlat rahbari so`zi so`ngida barchaga tashakkur aytib, yangi-yangi zafarlar tilagan.
"Yirik xalqaro sport bellashuvi – Islom birdamligi o`yinlarida qo`lga kiritgan tarixiy natijalaringiz bilan sizlarni yana bir bor samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, kelgusi faoliyatingizda yangi-yangi zafarlar, oilalaringizga baxtu saodat, fayz-baraka tilayman.
Doimo baxtingiz, omadingizni bersin, aziz farzandlarim",-deydi u.
Eslatib o`tamiz, Shavkat Mirziyoevning mazkur tabirigi sal avval Toshkent xalqaro aeroportida kutib olingan V Islom birdamligi o`yinlari ishtirokchilariga Sherzod Asadov tomonidan o`qib eshittirildi.






