1

Yuragimda saqlaganlarim: “Men saratonni engdim!”

Mutolaa 10.08.2016, 13:27
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Yuragimda saqlaganlarim: “Men saratonni engdim!”

Maktubdan iqtibos

  “Hurmatli tahririyat! Men ko`p yillardan beri “Darakchi”ning ashaddiy muxlisiman. Bir qo`shnim ham gazetingizni qoldirmay o`qib boramiz. U bilan gazetaning yangi sonini sonini o`qib chiqishimiz bilan undagi maqola va suhbatlar, yangiliklar va asarlarni muhokama qilishga oshiqamiz. Yaqinda shu qo`shnim kutilmaganda, saratonga chalingani ma`lum bo`ldi. Ayni paytda u muolajalarni qabul qilioqda. Ammo, ruhan qattiq tushkunlikka tushib qolgan. Gazetangizda avval ham bu kasallik hukm emasligi, bu dardni engib sog`lom hayotga qaytgan insonlar haqida maqolalar chop etilardi. Yana ana shunday materiallar bo`lsa, chop etsangiz. Shoyad qo`shnim singari ana shu kasallikka yo`liqqan hamyurtlarimiz ortiqcha tashvishga tushmasalar...

Qoraqalpog`iston Respublikasi, 
Beruniy tumani, Jayhun ko`chasi 64-uy”
        

Tahririyatga kelgan maktublarni ko`zdan kechirarkanman, atirgul surati tushirilgan xatjildlisini negadir bir chetga qo`ydim. Qolganlariga birma-bir ko`z yugurtirdim. Kimdir nevarali bo`lganligini yozibdi, bir mushtariy tushiga kirgan buvisi orqali uzoqroq qarindoshini topganini tilga olibdi. Yana biri esa Ramazon oyiga oid savollar yo`llabdi. Hamma-hammasini ro`yxatga olgach, haligi atirgul surati tushirilgan xatjildlini qo`limga oldim. O`zini Ra`no deb tanishtirgan mushtariy salomlashgach, barcha jurnalistlarni hayit bayrami bilan tabriklabdi. So`ng...

“Men bugun baxtiyorman. Ajal og`zidan qaytgan, do`zax azobini totgan, xayolning eng puchmoq joylarida ko`ngilsizliklar va dahshatlar ichra yashashgan bir baxtsiz ayol bugun juda mas`udman. Uch bolam, erim, yaqinlarim bag`rida, ular bilan yana birga yashashimdan cheksiz xursandman. 

Ko`pchilik og`ir va azobli kunlarini eslamoqni, gapirishni istamaydi. Men esa bugun atay yodga olishga, butun yurtdoshlarimga so`zlab bermoqqa jazm qildim. Sababi, bilamanki, xalqimiz orasida  men kabi tuzalmas deb ataluvchi dardga chalingan, iztirob ichida bo`lganlar ko`plab topiladi. Mening kechmishlarim esa ularga kuch, madad va umid bo`lishiga ishonaman.  

O`shanda yoz edi. Men kichik o`g`limni quchoqlab endi uyquga ketayotgandim. Bolajonim jajji qo`lchalarini qo`ltig`im ostidan o`tkaza turib so`radi:

—  Oyi, mana bu eringizda nima bor?

—  Qo`limning ostidami? Hech narsa... — dedim bamaylixotir.

—  Bir narsa bor, — dedi bolam qo`ltig`im ostini paypaslab.

Uning gaplaridan keyin o`zim ham qo`limni u aytgan joyga cho`zdim ham hayratda qoldim. Qo`ltig`im ostida barra bodringni eslatuvchi shakldagi kichkina shish bor edi. 

—  Voy, qachon shishib chiqibdi bu erim. Ari chaqdimikan? — darhol o`rnimdan turib, oynaga qaradim. 

Rostdan ham shish aniq sezilib turar, nega shu paytgacha buni o`zim bilmaganimga hayron edim. Nazarimda u asta-sekinlik bilan kattalashgan va men shuning uchun payqamaganman. Agar, bugun yo kecha birdan shishib chiqqanida qo`limga sezilgan bo`lardi.

U yoq, bu yog`ini bosib, turtib ko`rdim. Hech qanaqa og`riq yo`q. Ehtimol, shuning uchun sezmagandirman. 

Shu bilan yana bolamning yoniga qaytdim, uxladik va men shish haqida unutdim. Oradan bir oylar chamasi vaqt o`tdi. Qo`shnimiz qiz chiqaradigan bo`ldi. To`y ayollarning sarpo ulashishi, irim-sirimlarisiz o`tmaydi. Qo`shnim to`yga kelganlar oldiga qo`yadigan matolarini ko`rsatish uchun meni chaqirdi. Borsam, mendan boshqa qo`shnilar ham, o`zining qarindoshlari ham bor ekan. Gap gurungga, gurung dardlashishga ulandi. Qo`shnimizning qarindoshlaridan biri yaqinda turmush o`rtog`i shifoxonada yotib chiqqani, shifokorlar saraton tashxisini qo`yganini aytib qoldi:

—  To`pig`idan tepaga yong`oqdek shish paydo bo`ldi. Og`rimasdi, ziyonsiz edi. Qishda etik kiyishga qiynalgani uchungina o`sha ortiqcha narsani kestirib tashlash uchun shifoxonaga bordi. U erdagilar avval tekshirish lozimligini aytishibdi. Tekshirganda esa... saraton deyishdi. Eshitishimiz bilan hammamiz tushkunlikka tushib qoldik. Shuning uchun tanada qandaydir o`zgarish bo`lsa, albatta do`xtirga borish kerak ekan... Ayniqsa, og`rimagan darddan qo`rqish kerak ekan...

Ayolning gapi yodimga qo`ltig`im ostidagi  shishni soldi. Yuragimni vahm egalladi. Qanchalik yaxshi niyat qilmay, baribir xayolimga yomon narsalar kelaverdi. Shundanmi, shifokor ko`rigiga borishni ham anchagacha ortga surib yurdim. Qo`rquv ham shifokorga uchrashga undar, ham undan qochirardi. Oxiri o`zimni majburlab bordim. 

—  Yana gaplarimdan xafa bo`lmang. Ko`nglingizga ham olmang. Yo`llanma yozib beraman, saraton xastaliklarini tekshiradigan markazga borasiz... Faqat sizni yuborayotganim yo`q. Hammani yuborib turamiz... — shifokor qanchalik so`zini yumshatishga uringani sari so`zlari qulog`imga shunchalik dag`al va sovuq eshitilayotgandi.

Markazga borishga o`zimda kuch topa olmadim. Turmush o`rtog`im ikkalamiz bordik. Har xil usul bilan tekshiruvlardan o`tdik. Xulosani aytish uchun shifokor erimni chaqirdi. Ular uzoq suhbatlashishdi. Balki u qadar uzoq bo`lmagandir, menga shunday tuyulgandir? Nima bo`lganda ham ancha vaqt o`tib turmush o`rtog`im g`alati ahvolda chiqib keldi. Uning yuzi qo`rqib ketganidan yig`lashni bilmayotgan bolakayni eslatardi. Ko`zi alazarak, labida tabassum. 

—  Xotin, soppa-sog` ekansan, — dedi u. Birdan yuragimda umid shu`lalandi. — Faqat shu shishni qaytarish uchun bitta-ikkita dori ichishing kerak ekan... Shunga... shifoxonaga joylashsin, deyishdi

Qani, bitta-ikkita dori ichgan bo`lsam... Qani, kasalim boshqa bo`lsa-yu, bu shifoxonada yotmasam... Shu erga yotqizishdimi, demak... 

Garchi menga “Sen saratonga chalingansan”, deyishmasa ham ularning yumshoq muomalasi, shirinsuxanligi, o`ta ehtiyotkorlik bilan suhbatlashishi, umr shamchirog`i so`nayotgan odam bilan bo`ladigan munosabatni eslatardi. Bu esa battar yurakni ezadi. Undan ko`ra kaltaklashsa bu qadar og`rinmasdim. 

—  Opa, sizga ukol buyurishgan. Faqat... u ko`nglingizni aynitadi... — dedi ikki kun o`tgandan keyin. 

Men saratonga chalinganlarga kimyo-terapiya qilinishini, u ko`ngilni aynitishini kinolarda ko`p bora ko`rgandim. Lekin uni ukol deb bilmas ekanman. Qanaqadir uskunadan beriladigan nur deb o`ylarkanman. Shuning uchun u qadar cho`chimadim. Uch bolamga ham boshqorong`i bo`lganimda ko`nglim aynigan. Chidaganman. Bunga ham toqat qila olaman, deb o`yladim. 

 “Men — saratonman. Saraton — bedavo dard. Endi mening o`lishim aniq. Men o`lsam, bolalarimning holi nima kechadi? Erim kimga uylanadi? O`gay ona bolalarimni qay ko`yga soladi?”

Qarang, ayol zoti sira yosh umrim hazon bo`lyapti, hali qirqqa ham kirganim yo`q! Bu dunyoda nima ko`rdim, demaskan. Faqat va faqat bolalarini, oilasi taqdirini o`ylab siqilarkan. 

“Qancha umrim qolgan? Shifokor buni erimga aytgandir? Erimdan so`rasam aytarmikan? Nimalarni o`ylab yurgan ekan? Ehtimol, menga achinayotgandir? Balki, o`limdan keyin kimga uylanishini reja qilib yurgandir?”

Miyaga har kuni ming xil fikr kelardi. Ming xil fikrning ming azobini tortardim. 

Keyingi kimyo-terapiyani olgani borganimda shifokorning ko`zlariga tik qarab so`radim:

—  Qancha umrim qolgan do`xtir? Yashirmang! Men shunga qarab ishlarimni reja qilaman. Qo`rqmang, buni eshitishga o`zimni ruhan tayyorlab kelganman...

—  Nimalar deyapsiz, opa? — dedi shifokor ko`zlarimga tik qarab. — Umrni biz emas, Alloh belgilaydi. Kasallik bilan qanchalik bardam kurashsangiz, shunchalik ko`p yashaysiz. Bizning odamlarimiz tushkunlikka tushishga moyil. Saraton degan so`zni eshitdimi, negadir o`lim deb tushunadi. Saraton — o`lim degani emas! Bu ham oddiy kasallik. Kurashsangiz, engasiz, kurashmasangiz engilasiz! Kurashmasangiz, oddiy gripdan ham o`lib ketish mumkin! Ibn Sino aytgan-ku, “Biz uch kishimiz. Men, bemor va xastalik. Agar bemor men tomonda bo`lsa, ikki kishi bo`lib kasallikni engamiz, mabodo bemor kasallik tomonga o`tib olsa, men ojizman...” deya... Shunday ekan, opa, kasallik tomonga o`tib olmang. Hozir tibbiyot rivojlangan! Engish u qadar qiyin emas. Bundan tashqari, saratonni kayfiyat kasalligi ham deyishadi. Qanchalik tushkunlikka tushsangiz, u shunchalik zo`rayadi, qanchalik quvnoq bo`lsangiz u ojizlanadi. Shuni unutmang! Ertaga men sizni bir ayol bilan tanishtiraman. Telefon raqamini bersam ham bo`lardi. O`zini ko`rganingiz boshqacha...

Shifokorning gaplarini shunchaki ovunch deb qabul qildim. Ertasiga esa u hamshira orqali meni chaqirtiribdi. Borsam, shifokorning oldida juda go`zal ayol o`tiribdi. Sochlari kalta qirqilgan, qosh-ko`zi pilikdek.

—  Keling opa. Bu ayol — Ra`no opa! — menga ishora qildi shifokor. Keyin menga imo qilib ayolni ko`rsatdi: — Bu — Nigora opa! Men hech narsa demayman! Nigora opa, o`zingiz gapiring!

—  O`tiring, Ra`no! — dedi ayol ko`zlari chaqnab. — Men ko`krak saratoniga chalingandim. Mana bitta ko`kragimni olib tashlashgan. 

Nigora opa shifokorning yonida bo`lishimizga qaramay, yoqasidagi tugmani echa boshladi. So`ng ehtiyotkorlik bilan o`ng ko`ksini ko`rsatdi. Ko`krak o`rnida pushti rang dahshatli chandiqni ko`rib, yuragim orqaga tortdi.

—  Shu duxtir ukamning o`zi operasiya qilgan. Nimasidan uyalay? — qahqah otdi u. — Siz nimadan tashvishdasiz? Hech qaeringiz kesib tashlanmayapti? Sochingiz to`kilyaptimi? Mana, menikiga qarang. Kal bo`lib qolgandim. Chiqdi! Chiqadi yana soch degani. Sartaroshlar ham bunaqa chiroyli qilib kesolmaydi, to`g`rimi? O`zimga yarashib turganini qarang! Qoshmi, kiprikmi? Mana, chiqdi! Bular hammasi qayta o`sib chiqadigan narsalar. Asosiysi, joningizni asrang! Shuni asray olsangiz, yashayverasiz! Menam tushkunlikka tushganman. O`zingizni yo`qotganingiz sari kasallik avj oladi. Buni shifokor menga tushuntirdi. Saraton — kayfiyat kasali ekan. Kunlaringiz qanchalik baxtli, qanchalik xursand o`tsa u shunchalik zaiflasharkan. Men bunga tirik misolman! Yaratganga beadad shukr! Men kasallikni engdim! Endi saraton emasman! Boshqa gap aytmayman, sizga! O`zingiz xulosa chiqaring!

Nigora opa menga eng yaxshi malhamdan ham, eng yaxshi shifokordan ham a`lo bo`lgan shifo yo`lini ko`rsatdi. Saraton haqidagi fikrlarim butkul o`zgardi. 

Har tun uch yoshli murg`ak go`dagimning sochlarini silab yig`lardim. Endi esa uning sochlarini silab kula boshladim:

—  Men jinni to`kilgan sochimga qarab yig`labman. Mana, sochlarim bolalarimda bor-ku! Qayta o`sib chiqqunicha ularnikini yuvaman, ularnikini tarayman! Qosh, kiprik-chi? Bular ham bolalarimga meros! Ularga qarab zavq olsam bo`ladi-ku! Asosiysi, jonimni asray! Mana shu go`daklariming sochlarini tarab, qoshu ko`zlariga to`yib tikilish uchun ham jonimni asrashim kerak! Xuddi Nigora opaga o`xshab! 

O`sha kundan boshlab men har narsadan quvonch, har narsadan baxt axtara boshladim. O`ylab qarasam, dunyodagi eng baxtli ayol o`zim ekanman! Bu o`zingizga qanday ko`z bilan qarashingizga bog`liq ekan! Beadad, shukr, ha Yaratganga beadad shukr! Men haqiqatan-da, baxtliman! Chunki saratonni engdim, endi oilam bag`rida shod-hurramman!

Ey, saratonga chalindim, deb g`amga botib o`tirgan yurtdoshim, siz ham baxtlisiz! Kuling, quvnang, xursand bo`ling! Shunda xastalikni engib, chin BAXTga ham erishasiz!”

KAMINA oqqa ko`chirdi

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1