Xabaringiz bor, yaqindagina Hindistonning Chenay shahrida 44 Butunjahon shaxmat olimpiadasi o`tkazildi. Unda yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar tarixda ilk bor Shaxmat Olimpiadasi kubogini qo`lga kiritishdi.
Ayni shu voqelikdan kegin ba`zi ota-onalar farzandini shaxmat to`garagiga berishga ahd qildi.
Bu yurtimizda bolalar sporti rivoji, yoshlarni vaqtini mazmunli o`tkazish uchun yaxshi albatta. Lekin, buning zamirida kattagina qiyinchilik va mehnatlar yotadi. Ulardan sizni boxabar etish maqsadida O`zbekiston shaxmat terma jamoasi a`zosi Nodirbek Abdusattorvning otasi bilan suhbat o`tkazdik.
— Nodirbek Abdusattorovda shaxmatga qiziqish qachon boshlangan?
— Nodirbek mening kenja farzandim. O`zim yoshligimda shaxmat o`ynaganligim sabab farzandlarim ulg`aya boshlaganda ular vaqtini bekorchilik bilan o`tkazmasliklari uchun farzandlarim Oxunjon, Bahora bilan shaxmat o`ynar edik. Shunda Nodirbek 2-3 yoshida shaxmat donachalariga qiziqdi. Keyinchalik Nodirbekning akasi va opasi shaxmat to`garagiga borishni va murabbiylar e`tiboriga tushishni boshladi. O`sha paytda Nodirbek bog`chaga borardi. Onasi tushlikdan keyin uni shaxmat to`garagiga olib borgani uchun Nodirbek mustaqil ravishda shaxmat donalarini surishni boshladi. Uning qiziqishini ko`rib, murabbiylarga murojaat qildik va ular bilan shug`ullanishni boshlagandan keyin yutuqlari boshlandi.
5 yoshida Toshkent shahar birinchiligida 8 yosh bolalar o`rtasida 1 o`rinni egalladi, 6 yoshida O`zbekiston chempioni bo`ldi, keyinchalik Osiyo chempionatlarida qatnashdi. Eng katta yutug`i bu 2012 yil Sloveniyaning Maribor shahrida bolalar o`rtasida 8 yoshgacha bo`lgan bolalar o`rtasida Jahon chempioni bo`ldi.
— Oilangizda professional shaxmat bilan faqatgina Nodirbek shug`ullanadimi?
— Yo`q, opasi ham shug`ullanadi. Qizim 2013 yilda 14 yoshgacha bo`lgan qizlar o`rtasida Jahon birinchiligida kumush medal sohibasi bo`lgan. Shuningdek, hozirda "Xalqaro master" maqomiga va "Zulfiya" mukofotiga ega.
— Nimagadir erishi uchun, nimadandir voz kechish kerak, deyishadi. Nodirbek Abdusattorov bu darajaga etish uchun nimalardan voz kechdi?
— Albatta, bu g`alabalarga erishish o`z-o`zidan bo`lgani yo`q. Buning zamirida juda katta mehnat yotibdi. Birinchi navbatda Nodirbekni, ikkinchida murabbiylar, shuningdek ota-ona sifatida bizni ham. To`g`ri, nimagadir erishi uchun, nimadandir voz kechmasa bo`lmaydi. Nodirbek maktabda o`qish davrida biroz qiynaldi. Lekin maktabda ustozlarining unga yordam berishi, murabbiylaring qo`shimcha shug`ullanishi katta yordam bo`ldi.
Bundan tashqari bolalikdagi o`yinqaroqliklardan voz kechib, shaxmat bilan shug`ullangani unga katta yordam berdi deb o`ylayman. Mana shu qilingan mehnatlar hozir mevasini beryapti.
— Nodirbek shaxmat terma jamoasiga qanday kirib kelgan?
— O`zbekiston shaxmat milliy terma jamoasiga 2017 yilda Xalqaro grossmeyster talabini bajarib, jahonda ikkinchi eng yosh grossmeyster unvonga sazovor bo`lgandan keyin O`zbekiston shaxmat milliy terma jamoasiga jalb qilindi.
— Dunyodagi har bir ota-ona farzandi salomatligi, uni g`alabalaridan ortiq baxt bo`lmaydi. O`zbekiston shaxmat milliy terma jamoasi Butunjahon shaxmat olimpiadasi g`olibligini qo`lga kiritganda ichingizdan nimalar o`tdi?
— Bunday olamshumul tarixiy g`alaba, bunday yutuq har bir ota-onani yuksaklarga ko`taradi.
Men mana shu olimpiadagi barcha partiyalarni hayajon bilan kuzatib bordim . Ayniqsa 10 turda Nodirbekni hindistonlik Dommaradju Gukesh bilan oxirgi partiyasi juda hayajonli o`tdi. Negaki bu turda Hindistonning ikkinchi jamoasi bilan uchrashganda biz yutqazayotgandik. Agar o`shanda yutqazsak kuchli uchlikka ham kirolmasdik. Shu vaziyatda Nodirbek o`zini qo`lga olib Dommaradju Gukeshni mag`lubiyatga uchratgani katta bir voqea bo`ldi va oxirgi turda Niderlandiya ustidan g`alaba qozonishga zamin yaratdi.
— Inson avvaldan nima bo`lishini bilmaydi. Lekin, o`zbekistonlik sportchilarni tayyorgarligi, qanday salohiyatga ega jamoalar bu musobaqaga kelayotganini bilib, ko`nglingiz sezganmidi bizning terma jamoa g`olib bo`lishini?
— Men o`ylagandimki, hozirgi "oltin avlod" deb ta`riflanayotgan jamoa eng kamida kuchli uchlikka kiradi deb. Hindistonning ikkinchi jamoasi bilan durrang natija qayd etilgandan so`ng oltin medal bizniki degan umid paydo bo`lgandi.
— Hech kimga sir emas so`nggi 1 yilda Sport vazirligi va shaxmat federasiyasida katta o`zgarishlar bo`ldi. Shu o`zgarishlardan avval sportchilarga qanday e`tibor qaratilgan va hozir qanday e`tibor qaratilmoqda?
— Farzandlarimizni yutuqlari mutasaddilarni qarashlarini o`zgartirishga majbur qilyapti. Negaki Nodirbekni Polshada tezkor shaxmat bo`yicha chempion bo`lishi mana shu sportga bo`lgan e`tiborni kuchaytirdi. Chunki shaxmat ishqibozlari O`zbek yoshlarini salohiyatini ko`rib, amin bo`ldiki, O`zbekistonda mana shunday yoshlar etishib chiqyapti.
Bu albatta shaxmatga bo`lgan e`tiborni kuchaytirishga, yurtboshimiz tomonidan shaxmatni yanada rivojlantirishga qaratilgan qarorlarni imzolanishiga zamin yaratida deb o`ylayman.
— Avvallari shaxmatchilar musobaqada qatnashishi uchun sarflanadigan mablag`lar ota-onalar tomonidan qoplangan, degan gaplar ham chiqqandi. Bu qanchalik haqiqatga yaqin?
— Dastur bo`yicha o`tkaziladigan rasmiy turnirlarga davlat tomonidan sportchilar ta`minlangan. Lekin, bir yilda bir marotaba o`tkaziladan Osiyo va jahon chempionatlariga borib shaxmatchi o`smaydi. Grossmeyster darajasiga etishga, dunyo grossmeysterlari bilan bellasha oladigan darajaga etishi uchun u ko`plab xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi kerak. Shu uchun biz farzandlarimiz mana shunday Xalqaro turnirlarda ishtirok etishi uchun albatta xarajatlarni o`zimiz qoplaganmiz.
— Sportchi qandaydir natijaga erishguncha ota-onasi, e`tiborga tushgandan so`ng federasiya, vazirlik unga e`tibor qaratishini qanchalik to`g`ri deb hisoblaysiz?
— Buni to`g`ri deb bilmaymiz, lekin, hozir "Oltin avlod" deb e`tirof etilgan farzandlarimizning yutuqlari o`sib kelayotgan yoshlar uchun yo`l ochib beryapti. Hozir bolalar sportiga e`tibor qaratilyapti. 2026 yilda Butunjahon shaxmat olimpiadasi O`zbekistonda o`tkazilishi uchun ham kerakli dastur qabul qilinishi kerak. Bu har tomonlama yoshlarimizga yo`l ochib beradi. Bularsiz Chennaydagi g`alabalarga o`xshash g`alabalarga erishish qiyin.
Oybek Shukurov suhbatlashdi.