AsosiySiyosat

Toshkentda ShHTning axborot xavfsizligi bo`yicha ilmiy-ekspert forumi boshlandi

'Toshkentda ShHTning axborot xavfsizligi bo`yicha ilmiy-ekspert forumi boshlandi'ning rasmi

Bugun, 6 sentyabr kuni Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining axborot xavfsizligi bo`yicha ilmiy-ekspert forumi o`z ishini boshladi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" muxbiri Oybek Shukurov. 

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi bilan hamkorlikda o`tkazilmoqda. 

Xorijiy ishtirokchilarni onlayn ulash orqali gibrid formatda tashkil etilgan axborot xavfsizligi masalalari bo`yicha muloqotda ShHTga a`zo davlatlarning tegishli vazirlik, idoralari, ilmiy-akademik va tahliliy doiralari vakillaridan iborat 30 nafardan ziyod etakchi ekspertlar jamlangan.

Ishtirokchilarning nufuzli tarkibi raqamlashtirish sohasidagi so`nggi tendensiyalar va yutuqlarni muhokama qilish, shuningdek ShHT makonida inson huquqi va huquq ustuvorligini ta`minlash sharoitida axborot va kiber xavfsizlik sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashish bo`yicha ilg`or milliy tajribani taqdim etish imkonini beradi.

Mazkur forumni o`tkazish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 2021 yil 17 sentyabr kuni ShHTning Dushanbe sammitida ilgari surilgan edi. 

Butun dunyoda raqamli texnologiyalarni joriy etish va onlayn faollik jarayonining barqaror rivojlanishi kuzatilayotgan bir paytda mazkur tadbirning tashkil etilishi o`ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Zero, jamiyat, biznes, davlat hayoti va faoliyatining jadal sur`atda raqamlashtirilishi o`z-o`zidan qator ob`ektiv muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. 

Xususan, pandemiya axborot makonida kiber jinoyatlar keskin ko`payishiga olib keldi. Ekspertlar fikricha, 2021 yil dunyoda kiber hujum soni 2020 yildagiga nisbatan 50 foiz ortib, kiber jinoyatdan ko`rilgan zarar 2015 yildagi 3 trillion dollardan 6 trillion dollarga o`sdi.

Infratizimni kiber xavfdan himoya qilish masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Mutaxassislar tomonidan energetika, sanoat, mudofaa sohalari va davlat sektori eng ko`p hujumga uchrayotgan tarmoqlar sifatida sanab o`tilgan.

Umuman, axborot makoni ekstremist mafkurachilar tomonidan g`oyaviy targ`ibot olib borish uchun eng jozibali maydoncha sifatida baholana boshladi.

Yuqorida qayd etilgan salbiy tendensiyalar ShHTga a`zo mamlakatlardan kiber makonni himoya qilish va axborot xavfsizligini ta`minlashga kompleks yondashuvlar ishlab chiqishni talab etadi. Ayni xavfning transchegaraviy xususiyati milliy sa`y-harakatni mintaqaviy va xalqaro miqyosda hamkorlikdagi faoliyat bilan boyitish zaruratini taqozo etadi.

To`g`ri, bugungi kunda ShHT doirasida xalqaro axborot xavfsizligini ta`minlash masalasi bo`yicha hamkorlik yo`lga qo`yilgan. Jumladan, 2006 yildan buyon tashkilotga a`zo davlatlar xalqaro axborot xavfsizligi bo`yicha ekspertlari guruhi faoliyat yuritib kelmoqda. Mazkur tuzilma ShHTning doimiy faoliyat ko`rsatadigan organi hisoblanadi va shu sohaga ixtisoslashgan vazirlik, idoralar ishini muvofiqlashtirib boradi.

2009 yil 16 iyun kuni imzolangan Xalqaro axborot xavfsizligini ta`minlash sohasida hamkorlik bo`yicha hukumatlararo kelishuv, o`z navbatida,  ShHT mamlakatlarining axborot xavfsizligi bo`yicha birgalikda ishlashi uchun poydevor bo`lib xizmat qilmoqda.

2020 yil noyabr oyida ShHTga a`zo davlatlar rahbarlarining xalqaro axborot xavfsizligini ta`minlash sohasida hamkorlik to`g`risidagi Qo`shma bayonoti qabul qilingan.

2021 yil ShHTning Dushanbeda o`tgan yubiley sammiti yakuni bo`yicha O`zbekistonning faol ishtiroki asosida ishlab chiqilgan 2022-2023 yillarga mo`ljallangan xalqaro axborot xavfsizligini ta`minlash masalalari bo`yicha ShHT mamlakatlarining birgalikdagi harakatlari rejasi tasdiqlangan.

Hozirgi vaqtda ShHTga a`zo mamlakatlarning barchasi, hech istisnosiz, raqamli jamiyatni rivojlantirish, davlat boshqaruvi va moliya-iqtisod sektorini raqamli formatga o`tkazishga qaratilgan milliy strategik va konseptual hujjatlarni amalga oshirmoqda. 

Shu nuqtai nazardan O`zbekiston Prezidentining ushbu forumni o`tkazish bo`yicha o`z vaqtida ilgari surgan muhim tashabbusi ishtirokchilarga axborot xavfsizligini ta`minlash sohasidagi xavf-xatarlarga qarshi kurashishga oid yagona siyosatni shakllantirish bo`yicha aniq taklifoar, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek ShHT mamlakatlari fuqarolari axborotdan erkin va hech qanday to`siqsiz foydalanishini ta`minlash bo`yicha umumiy yondashuvlarni kelishib olish imkonini beradi. 

Ayni keng qamrovli masalalarni ko`rib chiqish uchun forum kun tartibi 3 mavzuga oid sessiyaga bo`lingan:

1. Axborotdan foydalanish ko`lamini kengaytirish – zamonaviy jamiyatni rivojlantirishning muhim omili.

2. Axboriy-g`oyaviy xatarlar va bunday tahdidlarga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqish.

3. AKT jadal rivojlanishi sharoitida nozik axborot infratizimi ob`ektlarini himoya qilish.

Umuman, mazkur tadbir mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va ShHTga a`zo davlatlarning axborot va kiber makondagi xatarlarga qarshi kurash borasidagi salohiyatini oshirish imkonini beradi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar