1

O`quvchilar ovqatlanish rasionida nimalar bo`lishi kerak?

Salomatlik 10.09.2022, 16:37
O`quvchilar ovqatlanish rasionida nimalar bo`lishi kerak?

Qovoq, karam, kartoshka, pomidor, sabzi…  Bularning bari — salomatlik uchun foydali mahsulotlar. Ammo ularni bolalar qanday shaklda va miqdorda iste`mol qilganlari ma`qul? Qovurilgan, qaynatilgan, dudlangan, dimlangan… Qay bir usulda pishirilgan taomlarni kichkintoylarga berish maqsadga muvofiq? Qo`llanilgan masalliqlar nisbati qanday bo`lishi lozim?  

Sog`liqni saqlash vazirligi bergan xabarga ko`ra, “Umumiy o`rta, o`rta maxsus, professional ta`lim muassasalarida o`quvchilar ovqatlanishini tashkil etishning sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlari”da, namunaviy taomnomaga qo`yiladigan talablar ham belgilangan.  

Xususan, unda bir taomning miqdoriy tarkibi, energetik va ozuqaviy qiymati, vitamin va mineral moddalar mavjudligi to`g`risida ma`lumot bo`lishi lozim. Taomlar va pazandalik mahsulotlari mavjud taom tayyorlash resepturalari to`plamiga muvofiq pishiriladi.  

Ma`lumotga ko`ra, namunaviy taomnomada ovqat va pazandalik mahsulotlarining nomi taom tayyorlash resepturalari to`plamidagi nomi bilan mos kelishi kerak.

O`quvchilar uchun taomnoma ishlab chiqishda taomlarning yangi tayyorlanishi, sovugan taomga qayta termik ishlov berilmasligi e`tiborga olinadi. Namunaviy taomnomaga bir taom yoki pishiriq mahsulotlari bir kunning o`zida takroran hamda ketma-ket 2 kun kiritilmaydi.

"Namunaviy taomnomada energetik qiymatining mutanosib taqsimlanishi hisobga olinib, alohida bir, ikki, uch, to`rt marotaba ovqatlanishda kaloriyalar sanitariya qoidalariga muvofiq foiz ko`rinishida beriladi. Kaloriya miqdori har bir ovqat uchun belgilangan normadan 5 foizgacha oraliq farqqa yo`l qo`yilishi mumkin.  

 Kunlik ovqatlanish rasionining optimal ozuqaviy nisbati oqsillar hisobiga 10 — 15 foiz, yog`lar hisobiga 30 — 32 foiz, uglevodlar hisobiga 55 — 60 foiz, kalsiyning fosforga nisbati 1:1,5 tarzda bo`lishi lozim.

 O`quvchilarning ovqatlanishida parhez tamoyiliga rioya qilinadi. Bunda ovqat tayyorlashda qaynatish, bug`lash, dimlash, qovurish va toblash xususiyatlariga e`tibor beriladi",- deyiladi xabarda.

Ta`kidlanishicha, kunlik ovqatlanish rasioni tarkibiga go`sht, sut, sariyog` va o`simlik yog`i, bug`doy noni (har bir ovqatlanishda) kiritiladi.  

Baliq, tuxum, pishloq, tvorog, sut mahsulotlarini ikki-uch kunda bir marta berish tavsiya etiladi.  Nonushta salat, issiq ovqat va issiq ichimlikdan iborat bo`ladi. Sabzavot va mevalar berilishi ham nazarda tutiladi.

Tushlik tarkibiga salat, birinchi va ikkinchi taom (asosan go`sht, baliq yoki parranda go`shtidan tayyorlangan issiq ovqat) va ichimlik kiradi.  

Salat yangi uzilgan yoki tuzlangan bodring, pomidor, karam, qizil lavlagi, sabzi, qovoq va yangi ko`katlar qo`shilgan holda tayyorlanadi.  

 Porsiyalangan sabzavotlar (qo`shimcha garnir)dan ham foydalanish mumkin. Ta`mni yaxshilash maqsadida salatga sarxil yoki quritilgan mevalar: olma, olxo`ri, mayiz va yong`oq qo`shish mumkin.

Ikkinchi tushlikda ichimlik (sut, sut mahsulotlari, kisel, sharbat) bilan birga bulochka yoki kremsiz (tvorogli) qandolat mahsulotlari tavsiya etiladi.

 Kechki ovqat sabzavotli (sutli) taom yoki bo`tqa: ikkinchi asosiy ovqat (go`sht, baliq yoki parranda go`shti), ichimlik (choy, sharbat, kisel)ni o`z ichiga oladi. Qo`shimcha ravishda mevalar yoki sut mahsulotlari, bulochka yoki kremsiz qandolat eyish mumkin.

Sharhlar

Муяссар 15.09.2022, 08:11
Наманган мактабларини ахволи жуда емон овкатланишга шароитлар йук кишд АС жуда совук
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1